Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi daraxtlar taqdiri savol ostida(mi?)
Samarqand shahridagi ayrim markaziy ko‘chalarining kengaytirilishi sabab yo‘l chetidagi daraxtlarning keyingi taqdiri savol ostida qolayotgan edi.
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ayni masalani mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish maqsadida shahar bo‘ylab press-tur tashkil qildi.
- Bo‘stonsaroy, Oydin yo‘l, Rudakiy ko‘chalarida jami 40 tup daraxt quruvchilarga yo‘l qurilish va uning talablariga xalal berayotganini bildirgan va mutaxassislar xulosasini so‘rab murojaat qilgan, - deydi Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Ro‘ziboyev. - Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi archalar aeroportga ko‘chirildi, qolgan daraxtlarni ko‘chirish uchun Vohid Abdulla ko‘chasida joy hozirlangan. Maxsus texnikalar yordamida 10-15 yillik daraxtlarni ko‘chira olamiz, ammo o‘n besh yoshdan katta daraxtlarni olish va boshqa joyda saqlab qolishning iloji yo‘q.
Press-tur ishtirokchilari o‘rganishlar davomida ushbu daraxtlar piyodalar yo‘lagiga to‘g‘ri kelayotgan joylarda saqlab qolish imkonini o‘rgandi.
- Bu yerdagi ayrim chinor va tut daraxtlarining yoshi 100 da yoki undan ham katta, - deydi O‘zbekiston ekologik partiyasi viloyat bo‘limi rahbari Xayrulla Atamurodov. – Hozir press-tur ishtirokchilari va mutaxassislarning fikrini inobatga olib, mushkul bo‘lsa-da ayrim chinor daraxtlarini saqlab qolish lozimligini yo‘lsozlarga tushuntirdik.
Press-tur so‘nggida kesilish xavfida bo‘lgan 40 tup daraxtning 11 tasi saqlab qolinishi, 29 tup daraxt ko‘chirish imkoni mavjud emasligi sabab kesilishi aytildi. Yana 23 tup 15 yoshgacha bo‘lgan daraxtlar maxsus belgilangan joylarga ko‘chirib o‘tqaziladigan bo‘ldi. Xususan, Rudakiy ko‘chasida 3 tup eldor qarag‘ayi, Oydin yo‘l ko‘chasidagi 2 tup chinor daraxtini kesishga ruxsat berilmadi. 6 tup eldor qarag‘ayi esa boshqa hududga ko‘chirilishi belgilandi. Daraxtlarni ko‘chirish ishlari respublika Avtoyo‘l qo‘mitasi qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi viloyat bo‘limiga topshirilgan.
Bir tup daraxtning voyaga yetishi zamirida o‘nlab insonlarning mehnati bor. Ularni shunchaki xalal berayotgan bahonasida olib tashlash amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlariga ham soya soladi.
Sulaymon Mardiyev.