Boy va baxtiyor yashash Konstitutsiyada belgilangan huquqingiz
Har birimiz O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning fuqarosimiz. Jamiyatimiz hayotidagi barcha munosabatlar Asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilgan...
1992 yil 8 dekabr kuni O‘zbekiston Respubilkasining Konstitutsiyasi qabul qilinib, shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilingan.
Qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug‘ildi, mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi.
Ayni shu hujjat bilan yangi mustaqil davlatning huquqiy kafolatlari shakllantirildi va mustahkamlandi.
Bu borada ko‘plab misollar qatori Bosh qomusimiz yurtimizda mulkchilikning barcha shakllari rivojlanishi uchun keng va teng imkoniyatlar yaratganini alohida qayd etish lozim. Xususan, Konstitutsiyaning 53-moddasida, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlashi belgilangan.
Mazkur tamoyillardan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida bir qancha qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, ularni yanada soddalashtirish maqsadida amaldagi qonunlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Misol uchun, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni va ular faoliyatiga ruxsatnomalar berish tartib-taomillari qisqartirilib, faoliyat yuritishning huquqiy asoslari soddalashtirildi.
Bularning bari ishbilarmonlar, investorlar va xalqaro moliya institutlarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga ishonchi mustahkamlanishiga olib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 noyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Hujjatda 2023 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub’yektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish, yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi, korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi, elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish hamda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish tartiblari bekor qilindi.
Shu kabi, 2023 yil 1 martdan soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berilishi tartibi ham belgilandi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik hamda litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmasdan faoliyatni amalga oshirish ham ruxsat etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bazasini va tartibga solish jarayonlarini takomillashtirishga, qulay biznes muhitini, xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ushbu amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuqlarimiz hamda xalqimiz turmush farovonligi ortib borayotganligi zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va haq-huquqlarning o‘rni beqiyos.
Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab berdi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart. Yagona yo‘limiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo‘l yo‘q. Biz boshlagan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz va ular albatta o‘zining ijobiy natijasini beradi”.
Nuriya Normatova,
viloyat xokimligi yuridik xizmat rahbari.