Boyliging emasdir sevgimga sabab, boyligim bo‘lganing uchun sevaman!

                         HILOLIMAN

Egilgan bori kulfatdin sitam charxin hiloliman,

Uzilgan bog‘u olamdin riyozu g‘am niholiman.

 

Bahorida xazon urgan, ko‘karmay mevasiz ketgan,

Bu dunyodin quruq o‘tgan ajab oshifta holiman.

 

Xitoyi loladek yashnab, yurakda necha dog‘im bor,

Balo sayyodig‘a uchrab, Xutan dashtin g‘izoliman.

 

Kamina ko‘p alamlardan ezilsam ham javob aylay,

Yurak urgan alam birla, ko‘ngil kuyin bayoniman.

 

Hakimadur mening otim, qani bir naslu zuryodim,

Sururim she’ru abyotim, ajab g‘amgin navoliman.

Hakima ABDURAHIM qizi.

 

***

SEVGIMGA SABAB

“...Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun

 Sevgan farzand bo‘lsa, kechirma aslo!”

Abdulla Oripov

Ustoz aytganiday: tengi yo‘q yurtsan,

Gulgun chiroyingga to‘ymasman boqib.

Zarra tuprog‘ingni ko‘zimga surtsam,

Mehring kirib borgay yurakka oqib.

 

Mushtiparim – onam o‘zingga qiyos,

Ko‘ksingga bosh qo‘ysam, ariyman g‘amdan.

Mehr ulashasan bamisli quyosh,

Iztirobing sezsam, qariyman g‘amdan.

 

Tug‘ildim koringga yaramoq uchun,

Buyur, ishing bormi qalamga doir.

Ko‘ngil ko‘zi bilan qaramoq uchun

Aslida sen meni qilgansan shoir.

 

Yashayman ko‘zimni ko‘nglingga qadab,

Rostini aytaymi, nechun sevaman?!

Boyliging emasdir sevgimga sabab,

Boyligim bo‘lganing uchun sevaman!

Orif TO‘XTASh.

                ***

Dil armoni

Quyosh taratganda mayin nurlarin,

Bahor ham borliqqa yoyar qulochin.

Zaminning husniga havasda ochun,

Samo uzra uchar qiyg‘ir, sarlochin.

 

Qishning etagidan to‘kilgan bahor,

Nafis yaproqlarda ko‘klam sururi.

Subhidam sog‘inchi, dilda navbahor,

Elimning qalbida gullar g‘ururi.

 

Tog‘li qoyalarda sayr shukuhi,

Samo mehrin quchish – lochin armoni.

Bu ne karomatkim, bobolar ruhi

Tinchlandi istiqlol kelgan zamoni.

Komiljon ELMURODOV,

Xatirchi tumani.

 

                ***

            QO‘ShIQ

Oymomoga oshiq bo‘lib,

Quchay desam, uzoq ekan.

Ipakdayin kokillarin

O‘pay desam, tuzoq ekan.

 

Visol qo‘msab chiqsam tunda,

Suv qo‘ynida qo‘noq ekan.

Atrofida sonsiz soqchi –

Tonga qadar uyg‘oq ekan.

 

Yer aylanar, yor aylanar,

Hajrida dil zor aylanar.

Tong vasliga yetdim desam,

Kun chiqib, boz firoq ekan...

 Bakir O‘TAPOV.

         ***

Buloq bo‘lgim keladi goho,

Mehr kabi tuganmasdir u.

Odamlarga nafi tekkan-chun

Suv bag‘ishlar ona Yer mangu.

Beknazar ORZIQULOV.

              ***

Amir Temur bobom

(Nevaramning she’ri)

Yovuz reja puch, degan,

Erk bayrog‘ing quch, degan,

Mardu maydon bobomlar

Adolatda kuch degan.

 

Qilich kesmas qinini,

Mo‘min sotmas dinini.

Bobomlar der hatto qush

Qo‘riqlar o‘z inini.

 

Sen insonsan, qur, yarat,

Mehnat bilan dong tarat.

Odil bo‘lsang, der bobom,

Alloh bergay kuch-qudrat.

 

Adolatni yoqlagan,

Yomonlarga yoqmagan,

Temur bobom har doim

Aytgan so‘zin oqlagan.

 

Yurtimiz bo‘stonida,

Vatan shuhrat-shonida,

Temur bobom barhayot

Adolat osmonida.

 

Erkka buyuk ixlosi,

Binolari merosi.

Adolat osmonining

Temur bobom quyoshi.

Solijon XUDOYoROV,

Nurobod tumani, Tim qishlog‘i.

                  ***

         Halollik bilan suhbat

– Halollik, ne bo‘ldi, ko‘zga yosh olding,

Nega davralarda ko‘rinmay qolding?

 

– Vijdon oynasiga boqmasdan bir bor,

Ba’zilar haromdan qilmaslar hazar.

 

– Halollik, ne bo‘ldi, aytgin, do‘stginam,

Tekin narsalarga ko‘pmi intizor?

 

– Garchi boy, hovlisi ko‘rkamu shinam,

Tama maydonida yurganlar bisyor.

 

– Halollik, ne bo‘ldi, ezgulik qayda,

Yaqindan o‘zgaga bormi e’tibor?

 

– Mol-dunyo yo‘lida tuyg‘ular mayda,

Jir olsa, ba’zilar bo‘lgaydir kibor.

 

– Halollik, ayt menga, ne qilsak kerak?

Qachon bo‘lgay, aytgil, tartib barqaror?

 

– Odamlarga agar insof berolsak,

O‘shanda bu hayot bo‘lgay bir dildor.

 

***

Tamagir, aslida, pinhon gadodir,

Qilmishi niqobin yirtishga qodir.

Gado gadoligin tan olur so‘zsiz,

Ammo u tan olmay mulzam, adodir.

                                   ***

Bir so‘z yaxshini ham yomon ko‘rsatar,

Bir so‘z yomonni ham omon ko‘rsatar.

Fikr qil: bir so‘zda taqdir namoyon,

Adashsang, bug‘doyni somon ko‘rsatar.

Tohir HAQBERDIYeV.