Boylito‘pda suv havzasi qurildi

Bu yilgi anomal issiq daryo va anhorlar bo‘yi, ko‘l va suv havzalari sohillarini odamlar bilan gavjumlashtirib yubordi. Binobarin, shifokorlar ham issiq iqlim sharoitida tez-tez cho‘milib turishni tavsiya etishadi

Shukur, yurtimizda cho‘milish havzalari kam emas. Ammo dasht va yarim sahro joylarda bu orzuni ro‘yobga chiqarish anchayin murakkab ish. Qo‘polroq aytganda, tuya hammomni orzu qilganday gap.

Biroq qalovini topsang qor ham yonadi. Ana shu hikmatga amal qilgan  Qo‘shrabot tumani “Boylito‘p” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tadbirkor Muso Mo‘minov mahalladoshlariga, ayniqsa, yoshlarga ajoyib sovg‘a tayyorladi. U o‘z mablag‘i hisobidan mahalla hududida salkam 300 kvadrat metr sahnli suv havzasini qurib foydalanishga topshirdi. Artezian quduq burg‘ulab suv chiqardi. Endi mahalla yoshlari va cho‘milish ishqibozlari uchun jazirama issiq kor emas. Muzdek suvga bir sho‘ng‘ilsa, har qanday jaziramaning tafti qirqiladi.

Bugun ana shu inshoot mahalla oqsoqollari, faollari va yoshlar ishtirokida tantanali ravishda ochildi.

Tadbirda tuman hokimi D.Shakarboyev ishtirok etib, mahallada suv havzasining barpo etilishi aholining sog‘lom turmushi uchun ahamiyatli ekani va tadbirkorlarning barcha tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

Bobo Saroiy.