Boyqo‘ng‘irdagi raketa-kosmik majmuasi “Nazarboyev starti” deb nomlanadi
“Bayterek” raketa-kosmik majmuasini Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi modernizatsiya ishlari tugagach qabul qilinadi, dedi respublika Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin.
“Bayterek” nomini Nazarboyev sharafiga o‘zgartirishni avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklif qilgan edi. O‘shandan beri majmua norasmiy ravishda "Nazarboyev starti" nomini oldi, deyiladi "Roskosmos"da.
“Bu masalada uning nomini tasdiqlovchi biron-bir qaror, hujjat kutmayapmiz. Biz, avvalo, ishni yakunlamoqchimiz, so‘ngra davlat rahbarlariga taqdim etgach, uning nomini o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, dedi Musin jurnalistlarga.
Endi, uning so‘zlariga ko‘ra, “Nazarboyev starti” – hamma ko‘nikib ulgurgan loyihaning ishchi nomi.
Dekabr oyida "Roskosmos" bosh direktori Dmitriy Rogozin Rossiya-Qozog‘iston “Bayterek” loyihasi doirasida Boyqo‘ng‘irdagi uchirish majmuasini qayta tiklash va uni “Soyuz-5” raketalari uchun modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar 2022 yilning mart oyida boshlanishini ma’lum qilgan edi. Bunda Rossiya hissasi “Soyuz-5” raketasini yaratishda, Qozog‘iston esa uchirish kompleksini tartibga solishdan iborat.