Kim Chen Inning singlisi AQSh qadamlariga javoban Tinch okeaniga raketa uchirishni kuchaytirish bilan tahdid qildi
Yaponiya KXDRning raketa uchirilishi sababli BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini so‘radi.
KXDR yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon AQSh harakatlariga javoban Pxenyan juda kamdan-kam hollarda raketa uchirayotgan Tinch okeaniga raketa uchirishni faollashtirish bilan tahdid qildi. Uning bayonoti dushanba kuni STAK axborot agentligi tomonidan chop etilgan.
“So‘nggi paytlarda Koreya yarim orolida Amerika qo‘shinlarining strategik zarba beruvchi qurollari harakati faollashdi”, — dedi Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Kim Yo Chjon. Pxenyan ularning KXDR xavfsizligiga ta’sirini diqqat bilan inobatga oladi va “tegishli javob choralarini” ko‘radi, deya ogohlantiradi Yo Chjon.
"Tinch okeanidan sinov maydonchamiz sifatida foydalanishimiz darajasi AQSh qo‘shinlari harakatlarining tabiatiga bog‘liq", deya qo‘shimcha qildi u va Pxenyanning "vaziyatni yanada kuchaytirayotgan fanatiklar"ni javobgarlikka tortish irodasi qat’iyligiga ishontirdi.
O‘tgan yil KXDR tomonidan raketa uchirilishi bo‘yicha rekord yil bo‘ldi: oktyabr oyida uchirilgan so‘nggi raketa Yaponiya uzra uchib o‘tgan va Tinch okeaniga qulagan edi. Jami 37 marta uchirishda 70 dan ortiq raketa ishtirok etgan. Joriy yilda ham Shimoliy Koreya raketa sinovlarini faol davom ettirmoqda.
Bugun ertalab ham Pxenyan ikkita ballistik raketa uchirgani ma’lum bo‘ldi. Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ular mos ravishda 350 va 400 kilometr masofani bosib o‘tib, Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasi tashqarisida Yapon dengiziga qulagan. Dastlab Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati uch marta raketa uchirilishi haqida ogohlantirish bergan.
Yaponiya Bosh vaziri, shuningdek, ham AQSh bilan ikki tomonlama, ham Janubiy Koreya ishtirokidagi uch tomonlama formatda yaqin hamkorlik qilish zarurligini bildirgan.