«Bozor ko‘rmagan yigit»ning galstugi

1996 yilning yozida Samarqand davlat universitetini bitirib, uch kursdosh - Mannob Ibodullayev, Uyg‘un Ro‘ziyev va men “Zarafshon” gazetasi tahririyatiga kelib, faoliyatimizni musahhihlikdan boshlaganmiz. Bir kuni sahifa o‘qiyotsak, mas’ul kotib Adham aka meni chaqirib, tezda viloyat hokimligida o‘tadigan yig‘ilishga borishimni tayinladi.
- Yig‘ilishda qatnashib barcha ma’lumotlarni yozib oling, ilojini topib, bir-ikki kishidan intervyu ham uyushtiring, - dedi.
Buni eshitib shoshib qoldim, chunki kelganimizga bir hafta o‘tgani yo‘q, hali biror marta majlislarga borib ko‘rmagan edim.
Iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Abdurasul Sattorovning xonasiga sekin bosh suqdim.
- Ha, uka, keling, nima xizmat?
- Menga hokimiyatga borib maqola tayyorlashimni aytishyapti, to‘g‘risi, nima qilishimni bilmayapman, - dedim.
- Siz o‘zi ishga yaqinda kelgansiz, lekin mas’uliyatli ish topshirishibdi-ku. Qo‘rqmang, shimingiz to‘g‘ri keladi, ko‘ylak ham yomonmas, lekin oyoqdagi krossovka bo‘lmaydi, almashtiring.
So‘ng muxbir Akbar Qarshiyevning oldiga bordim.
- Akbar do‘stim, bir iltimosim bor, «srochno» yig‘ilishga boradigan bo‘lib qoldim, lekin krossovkada mumkin emas ekan, - dedim uning oyog‘idagi 44-o‘lchamdagi qora tufliga ishora qilib. – Shu tuflingni berib tursang. Darrov borib kelaman.
- Senga sig‘adimikan, ancha kattadir-ov, - dedi bergisi kelmayroq bo‘lib.
- Iltimos, sal katta bo‘lsa bordir lekin, yig‘ilishda sharmanda bo‘lmayin, berib tur.
U ko‘p yalintirmadi - darrov yechib berdi. Krossovkamni unga berib, qarasam rostdan ham ancha katta ekan. Iloji yo‘q, tuflining uchiga latta tiqib oldim. Baribir shopillab qoldi.
Yana Abdurasul akaning oldiga chopdim.
- Aka, qarangchi, endi bo‘ladimi?
- Endi durust, - dedi. – Iye, bo‘yningizga galstuk bormi?
- Nima, galstuk ham kerakmi?
- Albatta, usiz bo‘lmaydi.
- Galstuk yo‘q edi-da.
- Galstuksiz bo‘lmaydi, yig‘ilishga borganda hamma e’tibor qiladi. Ayniqsa, hokimlar. Redaksiya xodimi galstuksiz kelganini ko‘rsa nima deydi. Yaxshisi O‘ktam akangiz (Qurbonov)dan so‘rab ko‘ring. U kishi doim galstukda yuradi, ortiqchasi bo‘lsa berib turar.
Darrov O‘ktam akaning oldiga yugurdim.
- Ustoz, meni yig‘ilishga jo‘natishmoqda, galstugingizni berib turing.
O‘ktam aka menga biroz tikilib turdida, “men, hozir” deb ichkari xonaga kirib, qizil chiziqli qora galstuk olib chiqdi.
Shu paytgacha biror marta galstuk taqmagan edim. Juda po‘rim qilib yubordi. Bo‘ynimga taqib qo‘yarkan, “Yarashdi”, dedi O‘ktam Qurbonov.
- Bu kimniki o‘zi?
- Taqib yuraver, egasi so‘rasa berasan.
Shu bilan turli tadbir va yig‘ilishlarga shu qizil chiziqli qora galstukda boraverdim.
Kunlarning birida bosh muharrir o‘rinbosari Aziz Yo‘ldoshev chaqirib, bir maqola yozishni topshirdi, biroq uni yozishga joy topolmadim, chunki hamma xonalar band edi. Yana O‘ktam akaning oldiga kelib, dardimni aytdim. Yonidagi xonani ko‘rsatib, “shu yerga kirib yozaqol, Jamol aka eshitsa ham senga ruxsat beradi”, dedi.
- Qaysi Jamol aka? - dedim.
- Bu Jamol Tursunovning xonasi, o‘zi hozir shifoxonada, tez kunda chiqib qolsa kerak, ungacha o‘tirib yozishing mumkin, - dedi.
Xullas, o‘shanda oqdaryolik jurnalist Jamol Tursunov shu xonada ishlashini bilib oldim.
Bir oylarcha shu xonada maqola yozib turdim. Kuniga o‘nlab odamlar Jamol akani so‘rab qo‘ng‘iroq qiladi. Uning bemorligini bilmaganlar esa so‘rab keladi. Xuddiki, Jamol akani ancha yillardan beri biladiganday u kishi uchun javob ham berib yurdim.
Bir kuni qog‘oz qoralab o‘tirsam, eshik ochilib bir kishi xonaga kirib keldi. Boshimni ko‘tarsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki ro‘paramda «Bozor ko‘rmagan yigit» videofilmidagi bosh rol ijrochisi Husan Musaboyev turibdi. Nima deyishimni bilmay qoldim. Shoshilib salom berib, o‘rnimdan turdim. Nahotki, taniqli aktyor kelgan bo‘lsa? Gastrol payti redaksiyaga intervyu bergani keldimikan? O‘sha vaqtlarda «Bozor ko‘rmagan yigit» filmi juda mashhur edi.
- O‘tirib ishlayvering, uka, - dedi u.
- Jamol Tursunov yo‘q edi, Husan aka, agar izlab kelgan bo‘lsangiz... - deya javob berdim.
- E, u qayerda o‘zi? - savol bilan qaradi.
- Betob, shifoxonada davolanayapti.
- Qachon keladi?
- Bilmadim, bir-ikki kunda ishga chiqsa kerak.
- Yaxshi, - dedi mehmon tevarak-atrofga razm solarkan. – Iye, galstukni qayerdan oldingiz?
Shoshib «bozordan», devoribman.
- Qayerdan, “Jamol bozor”danmi?
- Jamol bozor emas, Siyob bozoridan, - dedim.
Shu payt eshik ochilib, O‘ktam aka bilan Adham aka kirib keldi va «Bozor ko‘rmagan yigit» bilan quchoqlashib ko‘risha boshladi.
- Jamol aka, bormisiz, rosa sog‘intirdingiz-ku, salomatmisiz?
- Yaxshi bo‘lib ketdingizmi? - deya hol so‘rashdi.
O‘rnimdan sekin turib, galstukni yecha boshladim.
- To‘xta, uka, qayerdansan? – dedi Jamol aka.
- Oqdaryodan, - dedim shoshib.
- Mayli, begona emas ekansan. Yechma uni. Rostdan, galstuk ham, shu o‘rindiq ham senga yarashibdi, mendan senga sovg‘a, - dedi endigina taniganim Jamol aka.
- Yo‘g‘-yey, uzr, bir marta taqib yig‘ilishga borib keluvdim, - dedim xijolat bo‘lib.
- Mayli, bundan keyin ko‘chada ham, uxlaganingda ham taqib yotaver, - dedi hazillashib.
Taniqli jurnalist Jamol Tursunov bilan ilk tanishuvimiz shunday bo‘lgandi.
Dilmurod To‘xtayev.
P\s. Jamol Tursunov - viloyat matbuoti rivoji, ravnaqi uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shgan tajribali jurnalist. Oqdaryo tumani, Bugajil qishlog‘ida tavallud topgan.
1968 yilda o‘rta maktabni bitirib, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. Ko‘p yillar “Zarafshon” gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri vazifalarida samarali mehnat qilgan. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati sifatida izchil faoliyat yuritgan.
Jamol Tursunov 2001 yilda vafot etdi. Hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lardi.