Bozor va non sexlari o‘rganildi: Sanitariya qonun talablari buzilishi aniqlandi
Qahraton qishning shu kunlarida aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoji har qachongidan ham oshgan. Ayniqsa, kundalik ehtiyoj uchun zarur sabzavot, go‘sht, non mahsulotlari savdosi avjida.
Bunday paytda, avvalo, xaridorlarga arzon va sifatli, salomatlik uchun xavfsiz bo‘lgan mahsulotlarni taklif etish lozim. Qolaversa, bu vaziyatda narx-navo sun’iy oshirib yuborilishining oldini olish ham eng muhim masala. Ikkala holatda ham aniq qonun talablari, me’yorlari bor, barcha unga amal qilishga majbur.
Afsuski, ana shunday sinovli damlarda belgilangan qoidalarga amal qilmay, faqat o‘z manfaatini o‘ylab savdo-sotiq, ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan kimsalar ham uchrab turibdi.
Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan viloyatdagi dehqon bozorlari, qolipli non ishlab chiqarish korxonalari va nonvoyxonalarning sanitariya holati o‘rganilganda shu kabi noxush holatlar qayd etildi.
– Bir kun davomida 11 ta dehqon bozori va 4 ta qolipli non ishlab chiqarish korxonalarida sanitariya qonun talablari buzilgani aniqlanib, mas’ul xodimlar ogohlantirildi – deydi Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari L.Rustamov. – Jumladan, Samarqand shahridagi Siyob, Marmar, Temiryo‘l dehqon bozorlarida, Past Darg‘om meva-sabzavot dehqon bozorida, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri, Nurobod, Payariq, Paxtachi dehqon bozorlarida mahsulotlarning antisanitariya holatida sotilayotgani, hududlar tozalanmagani va chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmagani aniqlandi. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar tomonidan sifati kafolatlanmagan tayyor taomlar sotilishiga yo‘l qo‘yilgan. Tez buziluvchi, baliq, parranda va sut mahsulotlari hamda kremli qandolat mahsulotlari sanitariya talabiga javob bermagan sharoitda sovutkichlar bilan ta’minlangan holda ochiq peshtaxtalarda sotilmoqda.
Bozorlar hududidagi savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa binolarda profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun tegishli korxonalar bilan shartnomalar tuzilmagan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan 19 ta qolipli non ishlab chiqarish korxonasining 17 tasi moslashtirilgan bir yoki ikkita xonadan iborat binolarda joylashgan. Bu korxonalarning barchasida mahsulot ishlar chiqarish ketma-ketligiga rioya qilish uchun xonalar yetishmaydi.
Payariq tumanidagi 30 ta qolipli non ishlab chiqarish korxonasining 5 tasigina loyiha asosida qurilgan. Qolganlari moslashtirilgan bir yoki ikki xonadan iborat binolarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng yomoni, bu korxonalar markazlashgan ichimlik suv tarmog‘idan emas, quduq suvlaridan foydalanmoqda.
O‘rganilgan non ishlab chiqarish korxonalari va novvoyxonalarda xodimlarning ko‘pchiligi tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, maxsus kiyim bilan ta’minlanmagan.
Ushbu korxonalarda vakolatli organni xabardor etish tartibida profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun tegishli hujjatlar Biznes-ombudsmanga taqdim qilindi.