Bu masalani kim hal qiladi?
Tahririyatimizga kommunal to‘lovlar jarayonida noreal qarzdorlik yuzaga kelayotganligi haqida fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Jumladan, Urgut tuman A’loxotin mahallasida yashovchi Salim Roziqov shunday yozadi:
2017 yil noyabr oyida majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimi uyimga kelib, gazdan 1 million 900 ming so‘m qarzdorligimni aytdi. Shu vaqtning o‘zida 700 ming so‘m to‘lovni amalga oshirdim. So‘ngra men tuman gaz idorasiga to‘lov kvitansiyalarini olib borib, qarzdorlik holatini tekshirdim. Kvitansiyalarim tuman gaz idorasi kompyuteridagi ma’lumot bilan taqqoslanganda 1 million 360 ming so‘m farq borligi aniqlandi. Sababi, men to‘lagan mablag‘larim idoraning kompyuteriga kiritilmagan ekan. Shuning uchun qarzdorlik kelib chiqqan. Axir, qo‘limda to‘lovlarni amalga oshirganligim haqida qog‘oz bor. Kompyuterga kiritilmagan bo‘lsa, menda nima ayb? Mendan yana to‘lov qilishimni talab etishmoqda. Urgut tumani gaz idorasi esa bu masalani hal etmasdan, bizni sarson qilmoqda. Gaz idorasida men kabi noreal qarzdorlikdan norozi bo‘lib yurgan yuzlab odamlarni ko‘rdim. Ayting-chi, bu masalani kim hal qiladi?
Xuddi shu mazmundagi yana bir murojaat Payariq tumani, Chelak shahri Sug‘diyona ko‘chasida yashovchi Oybek Qoraboyev tomonidan yo‘llangan. Unda quyidagilar yozilgan:
Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimlari gaz to‘lovidan 4 million 213 ming 490 so‘m qarzdorsan, deb 2017 yil 15 avgust kuni xonadonimga ulangan gazni uzib ketdi. Tuman gaz idorasiga borganimda qarzdorligim yo‘qligi aniqlandi va menga bu haqda ma’lumotnoma berishdi. Idora muhri majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan olib qo‘yilganligi sababli ma’lumotnomaga muhr qo‘yilmadi. Shu sababli majburiy ijro byurosi Payariq tuman bo‘limi xodimlari bu ma’lumotnomani inobatga olishmadi. Tuman gaz idorasidagilar esa muhr ular tomonidan olinganligi uchun muhr qo‘ya olmasliklarini aytishyapti. Men hech narsaga tushunmayapman, bu qanday maynavozchilik? Aholini sarson qilib, ustidan kulish emasmi bu? Men bu vaziyatda nima qilishimni bilmayapman, shuning uchun yordam so‘rab sizlarga murojaat qilyapman.