Bu suhbat qaysi shifoxonada bo‘lgan?
– Ro‘yxat katta-ku, duxtur. Axir bu narsalarga ikki kishini operatsiya qilish mumkin.
– Endi, singlim, operatsiya jiddiy ish. Har xil holat bo‘lishi mumkin. Ehtiyot bo‘lgan yaxshi-da.
– Anavi yerga "Bu shifoxonada barcha muolajalar bepul amalga oshiriladi", deb yozilgan ekan.
– Juda injiq ekansiz-da, singlim. Gap onangizning sog‘lig‘i ustida ketyapti. Vrachlarning kiyfiyati buzilmasin, deyman. Ha, aytganday, bu qog‘ozchani birovga ko‘rsatib yurmang, xo‘pmi? Keyin iloji bo‘lsa, birorta yaxshiroq oshxonadan o‘n kishiga tushlik ham keltiringlar. Operatsiyaning yaxshi tugaganini nishonlaymiz.
Operatsiyadan sO‘ng
– Mana, singiljon, ja vahima qilayotgan edingiz. Shukr, onangiz operatsiyadan muvaffaqiyatli chiqdi, duxturlar ham rosa terlashdi.
– Rahmat, baraka topinglar, qo‘llari dard ko‘rmasin o‘sha vrachlarning.
– Endi qoidaga ko‘ra o‘sha qo‘li yengil vrachlar va hamshiralarga ozroqdan pul ham berishimiz kerak.
– Aka-ukam yo‘q, men shartnoma asosida o‘qiyman. Otam pensioner. Lekin mana bu 100 ming so‘mni chin ko‘ngildan ataganmiz. 150 ming so‘mlik tushlik ham keltirib berdim.
– Meni to‘g‘ri tushuning, operatsiya nihoyatda qiyin kechdi. Ikki nafar duxtur, uch nafar hamshira ishladi. Har biriga 100 mingdan bermasak noqulay. Haliyam boshqalarnikidan ancha kam aytdim.
– Meni kechirasiz-u, mol bozorda dallol bo‘lishingiz kerak ekan. Hayf sizga bo‘lim mudirilik! Agar mendan boshqa odam bo‘lganida organga aytib, xonumoningizni kuydirib yuborardi. Endi bildim Prezident sizlarning ishlaringizdan nega buncha norizo bo‘lishi sababini. Mang, agar gap besh yuz ming so‘m ustida bo‘lsa, ko‘nglingiz joyiga tushsin, kontraktimni bir amallarman...