Bu yil oromgohlarga nima uchun bolalar kam jalb etildi?

- Nima uchun oromgohlarda milliy musiqa asboblari va mutaxassislar yetishmaydi?

- Bulung‘urda nima uchun bolalar oromgohi yo‘q?

Shu va shunga o‘xshash savollarga viloyat kasaba uyushmalari birlashmasi viloyat kengashida bo‘lib o‘tgan «Yozgi oromgoh - 2021» mavsumining yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida javob izlandi.

Jurnalist va blogerlar ishtirok etgan mazkur tadbirda kengash raisi S.Rafiqov yozgi mavsumda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish borasida olib borilgan ishlar, oromgohlarda yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Joriy yilda qariyb 19 mingga yaqin bola sog‘lomlashtirildi. Shundan 17 ta statsionar oromgohlarda 7480 nafar, 56 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarida esa 11 503 nafar bolalar miriqib dam olib, ta’tilni ko‘ngildagidek o‘tkazishdi.

- Joriy yilda bolajonlarning yoshi va qiziqishlarini e’tiborga olib turli yo‘nalishdagi oromgohlar tashkil etildi, - deydi viloyat kasaba uyushmalari birlashmasi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov. - Jumladan, ekologik-biologik, o‘lkashunoslik yo‘nalishidagi oromgohda 90 nafar, qardosh tillarda gaplashuvchi bolalar uchun tashkil etilgan “Do‘stlik” oromgohida 122 nafar, tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohida esa yuz nafar bolalar ta’lim-tarbiya olishdi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 367 nafar farzandlari hamda “Mehribonlik uylari”ning 60 nafar tarbiyalanuvchilari bepul sog‘lomlashtirildi.

Bolalarning yozgi ta’tillarni maroqli o‘tkazish maqsadida oromgohlarda xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, tikish-bichish, yumshoq o‘yinchoqlar yasash, raqs va rassomchilik to‘garaklari ham tashkil etildi. “Quvnoqlar va zukkolar”, “Tabiat qo‘yniga sayyohat”, “She’riyat kechasi” singari turli ko‘ngilochar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Sog‘lom bola yurt kelajagi” shiori ostida sport musobaqalari, Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik mening taqdirimda”, “Shu vatanga bordir mening keragim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va rasmlar tanlovlari tashkil etildi.

- Joriy yilda oromgohlar har doimgidek bolajonlar bilan to‘lmadi, - deydi Urgut tumanidagi “Chorchinor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi shifokori Zikriyo Qayumov. – Bunga ota-onalarning pandemiya tufayli farzandlarini dam olishga yubormaganligi sabab bo‘ldi. Biroq barcha oromgohlarda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvi sifatini doimiy nazoratga olish hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilganligi sababli bolalar orasida turli kasalliklarga chalinish holatlari uchramadi. Ularni oromgohlar hududidan ruxsatsiz chiqib ketishlari, belgilanmagan joylarda cho‘milishlari, karantin talablariga rioya qilinishi qat’iy nazoratga olindi.

Tadbir yakunida yozgi mavsumni yuqori saviyada tashkil etgan eng yaxshi oromgohlar tashkilotchilari 17 nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob olishdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.