Bu yil Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov qonunchiligiga bir necha o‘zgartishlar kiritildi

Keyingi yillarda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlar, saylov qonunchiligi va amaliyotiga kiritilgan o‘zgartish va yangiliklar mamlakatimizda yangi siyosiy vaziyat shakllanganligini yorqin ifoda qilmoqda. Birinchi bor Saylov kodeksi asosida 2019 yil dekabrida mamlakatimiz parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonida muhim ijobiy tajriba orttirildi, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu bilan birga saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim kamchiliklar va bo‘shliqlar ham borligi ko‘zga tashlandi.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalardan so‘ng joriy yil 8 fevralda qabul qilindi va ijroga qaratildi. O‘z navbatida, Saylov kodeksiga ham muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur yangiliklarni o‘z ichiga olgan Saylov kodeksi normalarini Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlarini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan qaror, nizom va yo‘riqnomalarida aks ettirish jarayonida ishchi guruhimiz tomonidan nufuzli xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, xorijiy va mahalliy ekspertlar va olimlarning bergan taklif va tavsiyalari yana bir bor tahlil qilindi. Shu jarayonda amaldagi Saylov kodeksining ayrim moddalarini yanada takomillashtirish va xalqaro saylov standartlariga uyg‘unlashtirishga ehtiyoj borligi aniqlandi.

Ishchi guruhi tomonidan tahlillarga asosan ishlab chiqilgan va asoslantirilgan takliflari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Bir guruh deputatlar tashabbusiga asosan Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1 iyun kuni mazkur qonun matbuotda e’lon qilindi. Bu qonun mamlakatimizning saylov qonunchiligini izchil erkinlashtirish va demokratlashtirish yo‘lida qo‘yilgan yana bir muhim dadil qadam bo‘ldi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining o‘n bitta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan. Jumladan, Kodeksning beshta moddasida, ya’ni 14, 20, 22, 101 va 102-moddalarida – quyi turuvchi saylov organlarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarning yuqori turuvchi saylov organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi bekor qilinib, faqat sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkinligi o‘rnatildi. Ushbu tartib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasining 2019 yil 22 dekabrdagi Parlament saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotida berilgan “takroriy murojaatlar va qarama-qarshi qarorlar qabul qilinishining oldini olish maqsadida murojaatlarni ikkita organga berish tizimini qayta ko‘rib chiqish va ustuvor ravishda shikoyatlar faqat sudlarga berilishi lozim”ligi haqidagi tavsiyasiga ham mos keladi. Shuningdek, mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarga hamohangdir.

Amaldagi Saylov kodeksining 21-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining tarkibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan – komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va olti-sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishi belgilangan. Saylov kodeksining 9-moddasiga asosan esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, respublikamiz hududlarida jami 14 ta saylov okrugi tuzilishi va ularning har birida 9 nafardan 11 nafarga qadar okrug saylov komissiyasi a’zolari faoliyat yuritishi mumkin.

Saylov kodeksining 22-moddasiga asosan okrug saylov komissiyasiga o‘ziga tegishli hududda saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, saylov uchastkalarini tuzish, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qilish, uchastka saylov komissiyalarini tuzish va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish, nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlash, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitish, saylovchilar ro‘yxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib borish, saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish, saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qilish kabi o‘ta muhim vazifalar yuklatilgan.

Agar mamlakatimizning ayrim viloyatlari, masalan, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent, Namangan, Qashqadaryo kabi viloyatlarining har biri hududida mingdan ziyod saylov uchastkalari tuzilishi va faoliyat yuritishini inobatga olsak, ushbu saylov uchastkalarini tuzish, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish kabi yuqorida sanab o‘tilgan muhim vazifalarni bajarish 9–11 nafardan iborat okrug saylov komissiyasi uchun qanchalik mashaqqat tug‘dirishini tasavvur qilish qiyin emas. Qonun ijodkorlari Saylov kodeksidagi ushbu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida okrug saylov komissiyasi tarkibini 11 nafardan 21 nafargacha bo‘lishi mumkinligi haqidagi normani belgiladi.

Saylov kodeksining 31-moddasida – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi, saylov byulleteniga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi uning tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritilishi hamda saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Ma’lumki, siyosiy partiyalar, nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari tomonidan o‘tkaziladigan saylovoldi tashviqoti, saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi tadbirlarda nomzodlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimi, mashg‘ulotining turi, ish joyi haqida batafsil axborot beriladi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chop etiladigan va saylovdan deyarli bir oy oldin har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladigan nomzodlarning saylovoldi dasturi va avtobiografiyasi aks etgan plakatlarda ham nomzodlar to‘g‘risida yuqoridagi ma’lumotlar to‘liq ask etgan bo‘ladi. Ushbu plakatlar saylov kunida ham har bir saylov uchastkasida osib qo‘yiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, saylov byulleteniga nomzodning faqat familiyasi, ismi, otasining ismi, uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritilishi belgilandi. Saylov byulleteniga nomzod haqida kiritiladigan ma’lumotlarning qisqartilishi natijasida, byulletenda nomzodlar haqidagi barcha ma’lumotlarni kattaroq shriftda aks ettirish orqali saylovchilarga qulaylik yaratish, barcha nomzodlar to‘g‘risida bir xil ma’lumotni aks ettirish yo‘li bilan saylovning tenglik prinsipini ta’minlash imkoniyati kengaydi.

Saylov kodeksining 38-moddasida – saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo varaqalariga imzo qo‘yishga haqli ekanligi, bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatishi, mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritilishi belgilangan edi. Kiritilgan qo‘shimchaga asosan, endilikda saylovchilar imzo varaqasiga yuqoridagi ma’lumotlarni kiritishda  pasportining yoki ID  kartasining seriyasi va tartib raqamini kiritishi mumkin. Ushbu yangilik, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kiritilmoqda. Chunki, ushbu qarorga asosan 2021 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimiz fuqarolariga pasport o‘rniga belgilangan namunadagi identifikatsiya ID-kartasi berilishi nazarda tutilgan va ushbu karta shaxsni tasdiqlovchi hujjat hisoblanishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyulda qabul qilingan “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “100 va undan ko‘p kishilarning ishtirokida tashkil etiladigan va fuqarolarning birgalikda qatnashishi nazarda tutilgan ijtimoiy-siyosiy va boshqa turdagi tadbirlar ommaviy tadbir hisoblanishi, bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun tegishli davlat vakolatli organlaridan ruxsatnoma olish talabi” belgilangan. Ushbu talabga ko‘ra, saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar, nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari tomonidan saylovchilar bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlar, tashviqot tadbirlari uchun ham tegishli davlat organlaridan ruxsatnoma olish kerak degan tushuncha shakllangan. Jumladan, YeXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasining 2019 yil 22 dekabrdagi parlament saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotida “saylovoldi tashviqoti davridagi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq qonunni qabul qilib, unda saylovoldi tashviqoti davridagi yig‘ilishlar uchun tegishli davlat organlarini xabardor qilish tizimini joriy etish” tavsiya etilgan.

Shu sababli, Saylov kodeksining 48-moddasi – saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi, degan uchinchi qism bilan to‘ldirildi.

Saylov kodeksining 58-moddasida – “Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida ko‘rib chiqiladi hamda rais, rais o‘rinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan so‘ng bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida olib borib topshiriladi” degan norma mavjud.

Saylov kodeksining 95-moddasiga asosan, okrug bo‘yicha saylov natijalari uchastka saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalari asosida, okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanishi va bayonnomaga kiritilishi, bayonnoma komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanishi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etilishi belgilangan. Biroq, uchastka saylov komissiyalaridan farqli o‘laroq, mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun darhol okrug saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qo‘yilishi nazarda tutilmagan.

Shu bois, kodeksdagi ushbu bo‘shliq ham qonun ijodkorlari tomonidan bartaraf etilib, okrug bo‘yicha saylov natijalari aks etgan bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun darhol okrug saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qo‘yilishi kerakligi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan tuziladigan dunyo mamlakatlari “Demokratiya indeksi”da 2019 yil holatiga O‘zbekiston 165 davlat ichida 157-o‘rinni egallagan. Shuning uchun davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmonida ushbu indeksning “12.1 - Saylov jarayoni va plyuralizm yo‘nalishi” bo‘yicha O‘zbekistonning ko‘rsatkichlarini 2022 yilga qadar olti barobarga ko‘tarish belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu o‘zgarishlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada yuksaltirish, mamlakatimiz saylov qonunchiligini yanada demokratlashtirish va saylov amaliyotini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, saylovchilarning demokratik, ochiq-oshkora saylovlarda faol ishtirok etib, o‘z hoxish-irodasini erkin ifoda etishida muhim omil bo‘ladi.

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari,

yuridik fanlari doktori, professor.