Bu yil qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qancha haq to‘lanadi?
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi yig‘ilish bayoniga asosan joriy yilda yetishtirilgan paxta xomashyosining nest-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan qo‘l mehnati va terim mashinalari yordamida terib olish choralari ko‘riladi. Qo‘lda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari, paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklar hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda mustaqil narx belgilashlari tavsiya etiladi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jalb etilgan ishsiz fuqarolardan iborat terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 million so‘mdan mehnat haqi beriladi.
Shuningdek, terim ishlariga 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, byudjet va nobyudjet yoki xo‘jalik hisobidagi tashkilot xodimlari va harbiylarni terim tadbirlari, umuman har qanday majburiy mehnatga jalb etish qat’iyan man etiladi.
Viloyat qishloq xo‘jalik
boshqarmasi axborot xizmati.