Bu yil “Sharq taronalari” yangicha ruhda o‘tkaziladi
Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivaliga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida o‘tkaziladigan mazkur san’at anjumanining bu galgisi «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yangi tasdiqlangan nizom asosida bo‘lib o‘tadi.
Sharq mamlakatlari musiqa san’atining an’analarini asrash, madaniy muloqotni yanada rivojlantirish, Sharq xalqlarining an’anaviy musiqa san’ati sohasidagi ilmiy o‘rganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etiladigan festival doirasida ochiq konsertlar, ijodiy uchrashuvlar, ilmiy va matbuot anjumanlari shaklidagi maxsus dasturlar, davra suhbatlari, taqdimot va mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Nizomga asosan «Eng yaxshi milliy qo‘shiq ijrosi uchun» xalqaro tanlovi o‘tkazilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay’at a’zolari va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan ishtirokchilar «Eng yosh ishtirokchi», «Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi», «Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi» va boshqa shu kabi nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom hamda pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini Tashkiliy qo‘mita tomonidan tuziladigan yetti kishidan kam bo‘lmagan tarkibdagi Xalqaro hay’at baholab boradi. Baholash jarayonida qo‘shiqlarning milliyligi, she’rlarning ohang bilan mutanosibligi va mazmundorligi, qatnashchining ijro saviyasi, kiyinish madaniyati va sahna harakati tanlovning asosiy mezonlari hisoblanadi. Xalqaro hay’at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita yo‘nalish, ya’ni professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq yo‘nalishi hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qo‘shiq yo‘nalishi bo‘yicha baholanadi.
To‘lqin SIDDIQOV.