Bu yil xonadonlarda tabiiy gaz bo‘ladimi?
Viloyat Matbuot uyida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Olim Isaqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu savolga javob izlandi.
Shuningdek, 2021-2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda aholini bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlashda yuzaga keladigan muammolarni barataraf etish, mavjud gaz quvurlarini mukammal rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berildi.
- Viloyat bo‘yicha rejalashtirilgan 4,9 kilometr gaz quvurlaridan shu kungacha 0,5 kilometr gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi, - deydi Olim Isaqulov. - 6,4 kilometr gaz quvurlarining 0,7 kilometrida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Mavjud 8 815 dona gaz taqsimlash qutilardan 3 546 tasi taftishdan o‘tkazildi. Shuningdek, 39 ta gaz taqsimlash punktlarini ta’mirlandi. Yer osti gaz quvurlarining 405 kilometrida bosim osti zichlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari yakuniga yetkazildi. 168 kilometr gaz quvurlarining holati tekshirildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi Amir Temur va Gagarin ko‘chalari kesishmasidan Firdavsiy ko‘chasiga D-325 millimetrli uzunligi qariyb 0,5 kilometrlik tabiiy gaz quvuri tortilmoqda. Ushbu inshoot qurilib foydalanishga topshirilgach, shahardagi Mirzo Ulug‘bek, Lolazor, Ahmad Yassaviy, Maftunkor, Dukchiyon, Temirqishloq kabi mahallalarda istiqomat qiluvchi 7 mingdan ortiq aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.
- Oqdaryo gaz taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahrining Panjakent ko‘chasigacha D-325 millimetrli, uzunligi 11,5 kilometr gaz quvurlari tortilmoqda, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qurilish bo‘limi boshlig‘i A’zam Boboliyev. - Mazkur inshoot ishga tushgach, shaharning Siyob hududidagi 20 ga yaqin mahallalarda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, Samarqand tumanida joylashgan “Samarqand-1” gaz taqsimlash stansiyasidan 5,2 kilometr masofada D-325 millimetrli yuqori bosimli yangi gaz quvurini o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan.
Prezidentimizning joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida yuqoridagi gaz tarmog‘ini 10,5 kilometrga uzaytirish topshirig‘i berilgan edi. Ayni kungacha ushbu ob’yektning 2 kilometrida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladigan ob’yekt ishga tushgach, Samarqand shahridagi aholi xonadonlari, mehmonxona va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida, jumladan, Sartepa massivi, Universitet xiyoboni atrofidagi mahallalarda yashovchi 32 mingdan ortiq xonadonlarda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Dilmurod To‘xtayev.