Bu yil yog‘in kam: Jarquduqda 21 ming bosh qo‘yni qanday boqishyapti?
Nurobod qo‘ylari haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida hokimlik hovlisida yurgan otarlar gavdalanishi mumkin. Ammo siz tasvirda ko‘rib turgan mana bu qo‘y-qo‘zilarning ularga aloqasi yo‘q. Sababi bu otar tumanning olis Jarquduq mahallasida joylashgan “Nurli el chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli. Bu yil bahorda yog‘ingarchilik kam bo‘lgani sababli yaylovlarning ahvoli yaxshimas, shunday bo‘lsa-da xo‘jalikning fidoyi cho‘ponlari bor imkoniyatdan oqilona foydalanishga harakat qiladi. Ular qo‘ylarni tuman markaziga emas, balki yashilligi yaxshiroq tog‘ etaklariga haydaydi.
Tasarrufimizda 40 ming gektardan ziyod yaylov bor, - deydi jamiyat rahbari To‘lqin Rahimov. – Bu hudud mavjud 65 ta otarimizning 21 ming bosh qo‘y-echkilarini boqish uchun yetarli. Tajribali cho‘ponlarimizning sa’y-harakati bilan oldimizga qo‘yilgan rejani muvaffaqiyatli bajarib kelyapmiz.
O‘tgan qish sovuq kelishi chorvadorlar uchun bir qator noqulayliklar tug‘dirdi. Ammo mazkur xo‘jalik cho‘ponlar sa’y-harakati bilan qo‘y-echkilar betalofat ko‘klamga yetib keldi.
- Avvalo kuz-qish mavsumiga yaxshi hozirlik ko‘rilgani uchun anomal sovuq qo‘y-qo‘zilarimizga zarar yetkazmadi, - deydi T.Rahimov. – Mavsumga tayyorgarlik jarayonida mavjud 65 ta qo‘ton ta’mirdan chiqarilishi, omuxta yem va dag‘al hashaklarning yetarlicha g‘amlab qo‘yilgani va to‘g‘ri taqsimlanishi ham qo‘l keldi. Bunda Jo‘rabek Otamurodov, Umid Toshev, Bunyod Rajabov, Dilmurod Elmurodov kabi tajribali cho‘ponlarimizning hissasi katta.
Bu fidoyi cho‘ponlar har 100 qo‘ydan 110 boshgacha qo‘zi olyapti, ularning 75 foizini o‘stirishga qo‘ymoqda. Xo‘jalik a’zolari asosiy e’tiborni naslchilikni rivojlantirishga qaratgan.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.