Bu yilgi abituriyentlar test sinovlarini qanday topshiradi?

Umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun boshqa, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o‘quvchilari uchun alohida darsliklar joriy etilgan. Bu o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari topshirishida umumiy savollar tushayotgani sababli biroz qiyinchiliklar keltirib chiqaryapti. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun Davlat test markazi tomonidan qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Samarqand davlat universiteti akademik litseyida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Majid Karimov shu kabi savollarga javob qaytardi.

Bugungi kunda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari o‘quvchilariga mo‘ljallangan o‘quv dasturlari mavjud. Davlat test markazi tomonidan oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun test topshirayotgan har bir bitiruvchi uchun ushbu dasturlarga mos ravishda test kitobchalari tarqatilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi beriladi. Abituriyentlar uchala test imtihonlarini topshirib bo‘lgandan so‘ng ularning natijalari e’lon qilinadi. Bu esa o‘quvchilar o‘rtasida o‘qishga kirish bali past bo‘lgan oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiraman, degan tushunchaning oldini oladi.

B.Xonkeldiyev.