Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun akademik, mumtoz adabiyot bilimdoni Boturxon Valixo‘jayev tug‘ilgan kun

Vafotidan so‘ng Boturxon akaga "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni berildi. Odilona aytganda, bu orden u kishiga berilgan munosib baho edi.

Xo‘sh, akademik B.Valixo‘jayevning xalq, Vatan, jamiyat, adabiyot oldidagi  buyuk xizmatlari nima edi?

Birinchidan, domla nafaqat Samarqand ilmiy muhitida, balki mamlakat miqyosida ulug‘likning asosi  kamtarlik va miskinlikda, samimiyat va oddiylikda ekanligini o‘z hayoti misolida namoyish etdi. 

Ikkinchidan, fidoyi olim ilm-fanda sabot, matonat, ishtiyoq nimalarga qodir ekanligini isbotladi. Safdoshlarigina emas, mumtoz adabiyot tarixining bugungi tadqiqotchilari ham domlaning ish uslubini o‘zlariga dasturilamal qilib ishlayaptilar. 

Uchinchidan, Boturxon aka manba bilan ishlashda o‘zbek, rus, fors-tojik, arab tillarini mukammal bilishi orqali o‘z maktabini yarata oldi. Ana shu tillardagi asarlari ko‘plab mamlakatlarda chop etildi. 

To‘rtinchidan, zahmatkash olim Mirzo Ulug‘bekning madrasai oliyasi faoliyati mohiyatini adabiyotshunoslikda ham, tarixshunoslikda ham ilmiy va ma’rifiy jihatdan tadqiq etdi va uning o‘z davrining akademiyasi ekanligini isbotlab berdi. 

Va nihoyat, beshinchidan, domla ana shu xizmatlari, fazilatlari orqali ziyolilar, umuman xalqimiz qalbida o‘ziga haykal qo‘ya oldi. Vafot etganiga 18 yil o‘tgan bo‘lsa-da, har bir davrada bu tabarruk inson nomining yodga olinishi fikrimiz isbotidir. 

Biz, shogirdlar domlaning pok ruhlari qolaversa, u kishining chirog‘ini yoqib turgan, mashaqqatli mehnatida doimo hamdam bo‘lgan yangamiz Xadicha ayaning  oldida hamisha ta’zimdamiz. 

Shuhrat SIROJIDDINOV, 

akademik, filologiya fanlari doktori.

Farmon TOShEV, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.