Bugun Xalqaro arxivlar kuni: Tarixiy hujjatlar qo‘riqchilari

1948 yil 9 iyunda YuNESKO tomonidan Xalqaro arxivlar kengashiga asos solingan edi. Shu munosabat bilan xalqaro arxivlar kengashining 2007 yil noyabr oyida Kanadaning Kvebek shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishida 9 iyunni – “Xalqaro arxivlar kuni” sifatida nishonlash belgilangan.

Birinchi marta Xalqaro arxivlar kuni 2008 yil 9 iyunda Xalqaro arxivlar kengashi tashkil etilganligining 60 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi. Shu kundan boshlab har yili 9 iyun xalqaro arxivlar kuni sifatida  nishonlanadi.

O‘zbekiston hududida arxivlarning paydo bo‘lishi uch ming yillik davlatchilik tarixi bilan bog‘liq. Bugungi kungacha saqlanib qolgan arxiv hujjatlarida asosan O‘rta Osiyo hukmdorlarining ma’lum imtiyoz va mukofotlar berish to‘g‘risidagi yozuvlari, soliqlarni yig‘ish, to‘plash to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozlari, iqtisodiy yozishmalar hamda kamdan-kam hujjatlar nusxalari yoki ma’lumotlar aks etgan. Buxoro amirligi va Xiva xonligida ish yuritish, hujjatlarni  saqlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan devonbegi, parvonachi, kitobdor kabi lavozimlar mavjud bo‘lgan.

O‘rta Osiyoda maxsus muassasa sifatida arxiv XIX asr oxirida shakllangan. 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida maxsus idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Mahalliy milliy muassasalar qozi va biy sudlari, mahalliy oqsoqollar faoliyati natijasida to‘plangan hujjatlar ish xonalarida saqlanar edi. 1919 yil 5 noyabrda Turkiston Respublikasi markaziy ijroiya qo‘mitasining “Turkiston ASSRda arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartibli jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Sobiq davlat idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va ilmiy, tarixiy, madaniy hamda ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar davlat mulki deb e’lon qilinib, Turkiston Respublikasining Yagona davlat arxiv fondiga topshirilishi belgilandi. O‘rta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi va 1925-1926 yillarda O‘zbekiston SSR tuzilishi bilan viloyat ijroiya qo‘mitalari huzurida hududiy arxiv buyurolari tashkil etildi. 1930 yillarning boshlarida respublikada markaziy arxivlar tarmog‘i shakllana boshladi, bu esa ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni jamlashni ta’minladi.

Sobiq sovet davrida arxivlarga faqat hujjatlar saqlanadigan bir joy deb qaralgan bo‘lsa, mustaqillik davrida bunday qarash tubdan o‘zgarib, ma’naviy boyligimiz bulog‘ining ko‘zi ochildi. Bundan faqat yurtdoshlarimiz emas, butun dunyo olimlari bahramand bo‘lishi uchun arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi. 1999 yilda “Arxiv to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligi, 2010 yilda mazkur qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunning amalga kiritilishi, Vazirlar Mahkamasining sohaga oid  bir nechta qarorlari chiqarilganligi ana shunday e’tiborning yaqqol isbotidir.

Keyingi yillarda viloyatimiz arxiv muassasalarining moddiy imkoniyatlari oshdi, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yaxshilandi, arxivlar yangi, zamonaviy, yorug‘ binolarga ko‘chib o‘tdi. Arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi, Milliy arxiv fondi O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlari bilan boyitildi. O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qog‘oz shaklidagi, kino, foto va fono hujjatlarni raqamlashtirish ishlari, davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr - 1917-yilgacha arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari amalga oshirildi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) ishlari amalga oshirilmoqda. Arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma’lumotlarini tayyorlab berish xizmati Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi joriy qilingan bo‘lib, o‘qiganlikni tasdiqlash, ish stajini tasdiqlash, ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini olish ham Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Samarqand viloyat arxiv ishi boshqarmasi tizimida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda davlat tilida ish yuritish samarali tashkil etildi. Viloyat davlat arxivida fan, madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hujjatlar hamda 50 dan ziyod shaxsiy fondlar mavjud bo‘lib, ular orasida harbiy mutaxassislar, yirik fan va adabiyot namoyandalari, davlat arboblari va boshqa taniqli kishilarning hujjatlari saqlanmoqda.

Fazliddin Ulug‘ov,

viloyat arxiv ishi hududiy  boshqarmasi katta inspektori.