Kadastrga oid arxiv hujjatlar raqamlashtirilyapti
Kelgusi yilgacha Samarqand viloyatidagi qariyb 900 mingga yaqin ko‘chmas mulk ob’yektlarining hujjatlarini raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga qadar 29 mingga yaqin arxiv hujjatlari raqamlashtirilib, tartiblashtirildi.
- Ta’kidlash lozimki, kadastr filiallaridagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va ularning hisobini yuritish maqsadida 2024 yil Davlat kadastrlari palatasida «Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va ularning hisobini to‘g‘ri yuritishni yo‘lga qo‘yish yili» deb e’lon qilindi, - deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi arxiv ishi nazorati bosh mutaxassisi G‘ulomjon Meliqulov. - Ayni vaqtda hududlarda ishchi guruhlar tashkil etilib, ular tomonidan kadastr yig‘ma jildlarining mavjudlik va holatini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Boshqarmaning Jomboy, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahar filialidagi idoraviy arxivida saqlanayotgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr yig‘ma jildlarini raqamlashtirish va ularni hisobga olish bo‘yicha reja-grafigi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasining viloyat tuman (shahar) filiallaridagi idoraviy arxiv saqlovida jami 899 883 ta kadastr yig‘ma jild hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan 839 301 tasi turar joy ob’yekti, 60 582 ta sinoturar joy ob’yekti sanaladi.
Filiallardagi ma’muriy boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlaridan 38 nafari jalb qilgan holda ishchi guruhlari tashkil etildi. Barcha tuman filiallar idoraviy arxivlarida saqlanayotgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr yig‘ma jildlarini raqamlashtirish va ularni hisobga olish ishlarini sifatli olib borishi uchun ishchi guruhlarga zarur sharoitlar yaratib berilgan.
Bugungi kunda ishchi guruhlari tomonidan boshqarmaning tuman filiallari arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarining mavjudlik holatini o‘rganish va raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda har bir kadastr yig‘ma jildlari raqamlanib, muhrlanmoqda va skaner qilingan hujjatlar elektron holatda yuklanyapti.