Bugun - Xalqaro do‘stlik kuni
Keyingi yillarda yurtimizda milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat davom ettirilmoqda. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalari, uzoq muddatli va ko‘p qirrali sheriklik yanada kuchaytirilmoqda. Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining teng huquqlilik asosida, emin-erkin yashashi kafolatlangan.
Viloyatimizda ham barcha din va millat vakillari o‘z an’analarini davom ettirishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Bugungi kunda Samarqandda yahudiy, arman, ozarbayjon, arab, turk, rus, tojik, tatar-boshqird, polyak, nemis, koreys milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1 tasida tojik, 28 tasida o‘zbek-tojik, 85 tasida o‘zbek-rus, 4 tasida o‘zbek-rus-tojik tillarida dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Samarqand shahridagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi nemis tiliga ixtisoslashgan.
Statistika boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 1 aprel holatida, viloyatimiz aholisi 3 million 892 ming 555 nafarni tashkil etsa, shundan 3 million 422 ming 332 nafari o‘zbeklar, 48 ming 861 nafari ruslar, 293 ming 45 nafari tojiklar, 8 ming 366 nafari ukrainlar, 6 ming 886 nafari tatarlar, 6 ming 91 nafari koreyslar, 4 ming 949 nafari ozarbayjonlar, 5 ming 113 nafari qozoqlar, 3 ming 433 nafari belaruslar, 1606 nafari turkmanlar, 1047 nafari qoraqalpoqlar, 344 nafari qirg‘izlar, 180 nafari yahudiylar, 166 nafari armanlar, 153 nafari nemislar va 89 ming 983 nafari boshqa millat vakillaridir.
Ushbu sana va Qurbon hayiti munosabati bilan ayrim milliy madaniy markaz rahbarlarining tabriklarini chop etmoqdamiz.
Xalqimiz azaldan ardoqlagan do‘stlik tinchlikni ta’minlovchi, ertangi kunimiz porloq bo‘lishiga xizmat qiluvchi rishta. Mamlakatimizda bu rishtani yanada mustahkamlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro do‘stlik kuni va Qurbon hayiti bilan barcha vatandoshlarimizni samimiy tabriklayman! Alloh barcha duolarimizni qabul qilsin, dasturxonimiz to‘kin bo‘lsin, xonadonlarimizdan fayz-u baraka arimasin. Har doim mehribon va rahmdil bo‘lib yuraylik!
Randir Yusupov,
Samarqand viloyati turk milliy madaniy markazi raisi.
Aziz yurtdoshlar!
Barchangizni ushbu ikki sana bilan samimiy qutlab, Allohning dargohidan har bir xonadonga tinchlik, sog‘liq, fayz-u baraka, baxt-u saodat va obod turmush tilayman!
Biz bir-birimizga mehribon bo‘laylik va Qurbon hayiti bayramini yaqinlarimiz bilan oila davrasida o‘tkazaylik.
Akbar Mahmudov,
Samarqand viloyat tojik va tojikzabonlar milliy madaniy markazi raisi.