Bugun... yoki uydirmaga o‘xshaydigan qisqa hayotiy hikoyalar
Bugun, tug‘ilgan kunimda, pochtachi uy manzilimga bir konvert keltirib berdi. Bu konvertda o‘tgan hafta yo‘qotib qo‘ygan hamyonim solingani ko‘rib hayron qoldim.
Pullar, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarning hammasi joyida, konvert ichida yana bir qog‘ozda "Tug‘ilgan kuningiz bilan!" degan yozuv ham bor ekan...
***
Bugun boshqa davlatda xizmat qiladigan turmush o‘rtog‘imdan maktub oldim. Unda shunday deyilgan edi: “Men syeni emas, sen bilan birga o‘tkazgan vaqtlarimizni sog‘indim”. Men hech qachon shu darajada aniq ifoda etilgan so‘zlarni eshitmagan edim, biroq uning his-tuyg‘ulari o‘zimga ham juda yaxshi tanish...
***
Bugun yo‘lda bir kulgili holatning guvohi bo‘ldim. Yo‘lda ketayotgan mashina haydovchisi derazadan chiqindini uloqtirib yubordi, uning orqasidan ketayotgan motosiklchi esa uni ko‘tarib oldi. Keyingi svetoforda mototsiklchi mashina oynasini taqillatdi va haydovchiga chiqindini qaytarib berdi...
***
Bugun boshpanadan evtanaziya (uxlatib o‘ldirish)qilinishi kerak bo‘lgan itni asrab olganimga 5 yil to‘ldi. Men tirishishni keltirib chiqaradigan nevrologik kasallikdan aziyat chekaman. Ishonasizmi, mening itim tutilishlar boshlanish paytini sezadi. Shunaqa paytlarda u yaqinimga kelib, baland ovozda vovullay boshlaydi, demak, dorilarimni ichib, o‘zimni tayyorlashga vaqtim bor. Qachonlardir men saqlab qolgan hayot endi har kuni meni qutqaradi...
***
28 yil oldin o‘t o‘chiruvchi meni yonayotgan uydan qutqarib qoldi. Yong‘in oqibatida u oyog‘idan jarohat oldi. Shifokorlar endi u butun hayoti davomida hech qachon yaxshi yura olmasligini aytgandi. Bugun, qizimiz to‘yi kunida u tayog‘ini bir chetga qo‘yib, sekingina uni mehrob tomon olib chiqdi...
***
8 yoshli nevaram maktabdan kelib, ko‘ziga nimadir bo‘layotganini, hamma narsa unga ikkita bo‘lib ko‘rinayotganini va unga ko‘zoynak kerakligini aytdi.
Shifokor huzuriga borib, ko‘plab testlardan o‘tdik, biroq uning aytganlari tasdiqlanmadi.Nevaram ko‘zoynak so‘rab turib olishda davom etdi. Keyin bilsak, uning maktabdagi yaqin do‘sti ko‘zoynak taqib yurgani ma’lum bo‘ldi, nevaram bularning barchasini birdamlik belgisi sifatida o‘ylab topgan ekan.
Unga optik emas, oddiy shishali ko‘zoynak olib berdik. Ikki hafta taqib yurgach, u hammasi o‘tib ketganini aytib, ko‘zoynagini taqmay qo‘ydi...
***
Bugun tasma bilan bog‘langan ikkita it bilan o‘tib ketayotgan ayolni uchratdim. Itlardan birining bir oyog‘i kalta, lekin ikkala it ham oqsoqlanib ketardi. Men ularga nima bo‘lganligi bilan qiziqdim. Ayol jilmayib, ilgari ko‘chada yashagan uch oyoqli iti boshqa itlar bilan urushib yaralangani, ikkinchi iti esa u o‘zini yolg‘iz his qilmasligi uchun uning ortidan takrorlab, oqsoqlanib yurishi haqida so‘zlab berdi...
***
Bugun tortidagi nihoyatda ko‘p miqdordagi shamlarni puflab o‘chirgach, 100 yoshli buvim atrofidagi 27 kishi - farzandlari, nevaralari va chevaralari, barchamizga qarab: “Ishonish qiyin, sizlar mening davomchilarimsiz. Mening haqiqiy oilam. Hayotingizning bir qismi ekanligimdan juda faxrlanaman!”, - dedi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.