Bugundan 65 yoshdan oshgan fuqarolarning ko‘chaga chiqishi taqiqlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Mamlakatimizda 2 aprel soat 9:00 holatida umumiy kasallik bilan ro‘yxatga olinganlarning soni 187 nafarni tashkil etdi. Hozirgina Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur institut klinikasida davolanayotgan 90 bemorning 23 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti. Mazkur holat rentgenologik tekshiruv natijasida ham tasdiqlangan. Bemorlarning 5 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘irroq, deb baholanmoqda.

Ushbu kasallikdan sog‘ayib reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan bemorlarning soni 12 nafarga yetgani haqida xabar bergan edik. O‘ylaymizki, bunday tadbirlar davom etadi. Asosiysi, har birimiz karantin tadbirlariga to‘liq rioya qilishimiz va uyda qolishimiz kerak.

Bugundan 65 yoshdan oshgan fuqarolar ko‘chaga chiqishi taqiqlanadi. Ehtiyoj yuzasidan oziq-ovqat mahsulotlari yoki dori-darmonga chiqish hollari bundan istisno. Kasallikning ko‘payish sur’ati ortib ketmasdan, vaziyat murakkablashmasdan turib, har birimiz ehtiyotimizni qilishimiz shart. Imkon qadar ortiqcha muloqotlarni kamaytirsak, ko‘chaga chiqmasak, barchamiz uyda qolsak, kasallik tarqalishining oldini olgan bo‘lamiz.