Bulung‘urda avtomobil ishlab chiqariladi
Tumanimiz asosan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, o‘tgan yil 415 ming tonna mahsulot yetishtirildi. Bundan 5 yil oldin bitta qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan davrda qo‘shimcha 7 ta yangi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari tashkil etildi.
Joriy yil investitsiya dasturi doirasida yana 4 ta qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi. Natijada tumanimizda meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 2017 yildagi 10 foizdan 24 foizga erishiladi. Masalan, “Bulung‘ur sandvik” va “Samarqand garden plast” korxonalari tomonidan yiliga 55 ming tonna mahsulotni qayta ishlash va 10 million dollarlik maqsulot eksport qilish imkoniyati yaratildi.
Bu hali yetarli emas
2017 yilda tumanda 2,1 ming gektar maydonda kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib qariyb 8 ming gektarga yetdi yoki 4 barobarga o‘sdi. Qayd etilgan davrda 78 ming tonna hosil olingan holda joriy yilda bu ko‘rsatkich 200 ming tonnaga yetkaziladi.
Tumanimizda kartoshka yetishtirish, saqlash bilan bog‘liq ko‘plab imkoniyatlar hamda zaxiralar mavjud. Misol uchun, Xo‘jamazgil mahallasida 2000 gektar yer sug‘orish qiyinligi sabab 25 yildan buyon samarasiz foydalanilib, bir martalik ekinlar ekiladigan lalmi yerga aylanib qolgan. Ushbu yerdan samarali foydalanish maqsadida “Turonbank” bilan birgalikda yangi loyihani amalga oshirish belgilab olindi.
Buning natijasida 1000 dan ortiq oilani daromadli qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Kartoshka yetishtirish 245 ming tonnaga yetkaziladi.
Yo‘l bo‘yida xizmat va servis rivojlantiriladi
Xizmat va savdo ob’yektlari soni o‘tgan besh yil davomida 4,5 barobarga, aniqrog‘i, 396 tadan 1801 taga oshdi. Ushbu yo‘nalishda xalqaro ahamiyatdagi M-39 magistral avtomobil yo‘lining tumanimiz hududidan o‘tgan 24 kilometr qismida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Shu maqsadda 16 gektar yer maydonida umumiy qiymati 15 million dollar bo‘lgan 71 ta savdo va servis ob’yektlarini ishga tushirish hisobiga qo‘shimcha 1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Misol uchun, “Maltifankshinal Manufakchiring” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 15 milliard so‘mlik logistika markazi, mehmonxona, umumiy ovqatlanish hamda savdo kompleksini tashkil etish orqali 60 ta ish o‘rni yaratadi.
Avtomobil zavodimiz bo‘ladi
Prezidentimizning har bir hududga kamida 100 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha bergan topshirig‘idan kelib chiqib, aniq loyihalar belgilab olindi.
Misol uchun, tumanning G‘o‘bdin massivida logistik jihatdan qulay - bir tomonda xalqaro avtomobil yo‘li, ikkinchi tomondan temir yo‘l bo‘lgan maydonda “Oltin tulpor motors” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 100 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga yengil avtomobil ishlab chiqarish loyihasi (joriy yilda 50 million dollar) amalga oshiriladi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ayni massivdagi keyingi loyiha Xitoyning “Shing jang jiyu sid” kompaniyasi bilan amalga oshirilmoqda. Bunda lalmi yer maydonlarida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar asosida makkajo‘xori yetishtirish va eksportga yo‘naltirish loyihasi rejalashtirilgan. Joriy yilda 18 million dollar investitsiya kiritiladigan loyiha doirasida 18 ming tonna mahsulot qayta ishlanib, 5 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Asosiysi, bu orqali 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bandlik muhim masala
Tumanimizda joriy yil boshida ishsizlar soni 7,7 ming nafarni yoki 9,2 foizni tashkil etgandi. O‘tgan 7 oyda ularning 7,1 ming nafari ish bilan ta’minlandi. Mavjud 600 nafar ishsiz va mehnat bozoriga kirib keladigan 2,2 ming nafar hamda migratsiyadan qaytishi kutilayotgan 2,5 ming nafar aholining bandligini ta’minlashimiz lozim.
Ishsizlarning 1,3 ming nafari “20 ming tadbirkor va 500 ming malakali mutaxassis dasturi” hisobidan;
- 1,5 ming nafari investitsiya loyihalari orqali;
- 1,7 ming nafari kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hisobidan bandligi ta’minlanadi.
Muammo yo‘qmi?
O‘quvchida shunday savol tug‘ilishi tabiiy. Yuqorida aytganimday, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Muhimi, bu borada aniq rejalarimiz bor, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Hamma gap ulardan foydalanishda qolmoqda.
Misol uchun, G‘o‘bdin massivida qurilishi rejalashtirilayotgan avtomobil zavodi faoliyat yuritishi uchun “O‘zavtosanoat” ruxsatini tezlashtirishda amaliy yordam so‘radik. Chunki ayni paytda qurilish uchun yer ajratilgan va investor mablag‘ kiritishga tayyor. Davlatimiz rahbari tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani, rejalarimiz ma’qullangani bizga yangi kuch va shijoat bag‘ishladi.
Samandar Astonov,
Bulung‘ur tumani hokimi.