Bulung‘urda oltin medalga munosib o‘quvchi yo‘qmi yoki pedagoglar e’tirofga munosib shogird tayyorlamayaptimi?

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yakuniga yetgan o‘quv yilida viloyatimizdagi maktablarda a’lo baholarga o‘qigan 339 nafar 11-sinf bitiruvchisiga oltin va 75 nafariga kumush medal berilar ekan.

Ushbu ma’lumot ortidan biz ham bitiruvchi yoshlarimizga yangilikni yetkazish maqsadida Bulung‘ur tumanidagi maktablar bitiruvchilaridan necha nafari oltin medal bilan taqdirlanishiga  qiziqdik. Ammo...

Bulung‘ur tumanidagi 66 ta maktabdan 2817 nafar bitiruvchining birortasi oltin medal olmas, atigi to‘rt nafargina o‘quvchimiz kumush medal bilan taqdirlanar ekan.

Katta bir tumanda qariyb 3 ming nafarga yaqin o‘quvchi orasida nahotki, oltin medal olishga loyiq bitta ham yigit-qiz bo‘lmasa? Bu bulung‘urlik o‘quvchilarning bilimsizligidan darak beradimi yoki o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati yetishmasligidan? Yoki boshqa sababi bormi?

Keling, aniq tasavvur paydo bo‘lishi uchun ushbu raqamlarni solishtirsak. Birgina, Kattaqo‘rg‘on shahrida bitiruvchilar 1204 nafar va ularning 15 nafari oltin, 1 nafari kumush medal bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, Nurobod tumanida 2, Ishtixon tumanida 3, Toyloq tumanida 8, Qo‘shrabot tumanida 9 nafar o‘quvchi maktabni oltin medal bilan bitiryapti. Past Darg‘om tumanida 56, Samarqand shahrida esa 94 nafar bitiruvchiga ana shunday sharaf nasib etmoqda.

Raqamlarni kuzatib, Bulung‘urda tug‘ilib o‘sgan, o‘z yurtini sevuvchi har qanday kishining hafsalasi pir bo‘lishi, dili xufton tortishi turgan gap.

Bulung‘ur yoshlarining nafaqat viloyat, balki Respublikadagi boshqa tuman (shahar) yoshlaridan nima kamchiligi bor? Yoki pedagoglar aybdormi? Balki, bunga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasi ancha vaqtdan buyon bo‘sh turganligi sababdir? Umuman, nima bo‘lganda ham, sohaga mas’ullar muammoning ildizini topishi, uni bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart!