"Buni hamma bilardi": 52 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Kuzbassdagi portlash hududida oldindan halokatli vaziyat bo‘lgani aytilmoqda
Marhum konchilardan birining rafiqasi favqulodda vaziyatdan 10 kun oldin Kuzbassdagi "Listvyajnaya" konida yuz bergan yong‘inni konchilarning o‘zi o‘chirgani haqida gapirib bergan.
"O‘sha kuni ular shaxtadagi yong‘inni o‘zlari o‘chirishdi. Bir necha kun o‘tdi, endi turmush o‘rtog‘im yo‘q. Alam qiladigani, buni hamma bilardi. Rospotrebnadzor tekshirdi. Bu metan uzoq vaqt to‘plana boshlagan. Mening erim u yerda zvono boshlig‘i edi. Uning ko‘ksida doim datchik bo‘lardi. U "datchik «chiyillagan» ovoz chiqaradi, signal bermasligi uchun men uni suv bilan ho‘llayman", der edi Boris. Ular ana shunaqa sharoitda ishlagan”, deya xabar bergan jurnalistlarga marhumning rafiqasi.
Kecha, 25 noyabr kuni, taxminan 08:30 (Toshkent vaqti bilan 06:30) da Kuzbassdagi Belovoda joylashgan “Listvyajnaya” konida sodir bo‘lgan avariya oqibatida 52 kishi, jumladan 6 nafar qutqaruvchi qurbon bo‘lgan edi.
Favqulodda hodisa vaqtida yer ostida 285 kishi bo‘lgan, ularning aksariyati yer yuzasiga chiqarilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari Dmitriy Demeshinning so‘zlariga ko‘ra, uchqun natijasida yuzaga kelgan metan portlashi va keyingi dinamik zarba falokatga sabab bo‘ldi.
Tekshiruv doirasida konning 47 yoshli direktori, uning 59 yoshli birinchi o‘rinbosari va 36 yoshli uchastka menejeri hibsga olingan.
Mazkur holat yuzasidan “Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi talablarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Hududda uch kunlik motam e’lon qilingan.
PS: Mazkur fojia bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi.