Buyuk Britaniya va Kanada Aleksandr Lukashenko va uning o‘g‘liga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ro‘yxatdan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning o‘g‘li - milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Viktor Lukashenko, prezident ma’muriyati rahbari Igor Sergeyenko, ichki ishlar vaziri Yuriy Karayev, uning o‘rinbosarlari Aleksandr Barsukov va Yuriy Nazarenko, IIVning ichki qo‘shini qo‘mondoni o‘rinbosari Xazalbek Atabekov va Maxsus politsiyaning Minskdagi bo‘linmasi boshlig‘i Dmitriy Balaba o‘rin oldi.

Cheklov choralari Buyuk Britaniya hududiga kirishni taqiqlash va mamlakat hududidagi aktivlarning muzlatilishini nazarda tutadi.

“Dunyo hamjamiyatining bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan, Aleksandr Lukashenko muxolifat bilan muloqotga kirishishdan bosh tortdi va shafqatsiz repressiyalarni kuchaytirdi”, deya ta’kidlangan Buyuk Britaniya bayonotida.

Birlashgan Qirollik 2020 yil iyul oyida kuchga kirgan “Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo‘yicha global sanksiyalar tizimi” doirasida cheklovlarni joriy etdi.

Ma’lum qilinishicha, “mustaqil sanksiyalar tizimi” Londonga, inson huquqlariga jiddiy ziyon yetkazgan shaxslarga nisbatan Britaniyaga kirishni cheklash, banklar orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va Birlashgan Qirollik iqtisodidan har qanday foyda olishni taqiqlash imkonini beradi.