Buyuk Britaniyadagi Islom merosining bebaho xazinasi namunalari O‘zbekistonga qaytarilmoqda

Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi: Buyuk Britaniyada ilk bor O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi.

Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular o‘z diyori – O‘zbekistonga qaytmoqda.

Ushbu ko‘rgazmalar 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. So‘nggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yo‘qolgan madaniy merosni izlash va aniqlash bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-ma’rifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ko‘rgazma ochilish marosimida. - Tarixiy va ma’naviy durdonalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha davlatimiz rahbarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirig‘i asosida ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning qaytishi emas, balki xotiraning, milliy o‘zlikning va O‘zbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir.

Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid Qur’on qo‘lyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va san’at asarlari bor. Ular O‘zbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida ko‘rsatadi.

Ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning ko‘pchiligi 2025 yil may oyida Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdir, - dedi Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili Benedikt Karter. - Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.