Buyuk donishmand, yetuk siyosiy arbob edi

Jadidshunoslikda haqiqat aytiladigan davr keldi

Bugun ommaviy axborot vositalarida, katta tadbirlarda jadidlar, xususan, jadidchilik harakati karvonboshisi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar berilmoqda. Buning asosiy sababi davlatimiz rahbarining tom ma’nodagi buyuk shaxs faoliyatini o‘rganishga da’vat qilgan so‘zlari, imzolagan qarorlari sabab bo‘ldi. Ya’ni, “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror mutafakkir bobomizning hayoti va faoliyatini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqdi. 

Qarordagi dastlabki so‘zlarga e’tibor beramiz: “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi”. Asoschisi degan so‘zning mag‘zini chaqishdan avval harakat atamasining tagzaminida yotgan g‘oya xususida to‘xtalamiz.

Xo‘sh, jadidlik harakatining mohiyatida qanday ma’nolar yashirin? Nega shu paytgacha uning faqatgina ma’rifiy harakat ekanligiga urg‘u berilgan? Bu kabi savollarga javob berish uchun bir asrdan ziyod bo‘lgan davrga, avvalo, chor Rossiyasining Turkistonni mustamlakaga aylantirishi va keyinroq bolsheviklarning hokimiyatga kelishi fursatlariga o‘zgacha nazar bilan qarashga to‘g‘ri keladi.

Jadid so‘zini qanday tushunasiz?

Dastlab, jadid (arabcha yangi) atamasi zamiridagi ma’nolar haqida. Albatta, olimlarimiz aytgan ma’rifat, xususan, ta’lim berishning yangi usulini joriy qilish degan g‘oyani inkor qilishdan yiroqmiz. Lekin bu fikr yangicha harakatning asl mag‘zi emas. Asosiy anglashilmovchilik ham jadid istilohining faqat ta’limdagi yangilik mazmuni bilan kifoyalanishida deb hisoblashdan kelib chiqqan. Buning sabablari shundaki, milliy istiqlol g‘oyasi aks etgan har qanday harakatlar va ularning targ‘iboti chor davrida ham, bolsheviklar zamonida ham nafaqat qoralangan, balki qamog‘u qatag‘onlar bilan jazolangan.

Jadid namoyandalarining yangi o‘qitish tizimiga qarshilik qilganlarni esa “qadimchilar” deya atashgan. Savol tug‘iladi: qadimchilik harakatmi? Ularning nizomi yoki shunga o‘xshash das­turi bo‘lganmi? Aslo... O‘sha davr gazeta-jurnal va arxiv materiallari ularning ko‘rinmas kuchlar tomonidan yollangan fitnachilar ekanligini ko‘rsatmoqda. Oddiy misol: Samarqand masjidlaridan birida chor hukumati tayinlagan imom tomonidan jadidlar, xususan, Behbudiy kofir deya e’lon qilinganini juma namoziga borgan ko‘pchilik eshitadi. Islom arkonlarini mukammal bilgan mufti, maktablar uchun “Islom tarixi” darsligini yozgan olim Mahmudxo‘ja Behbudiyga bu gap yetib boradi, albatta. Behbudiy o‘sha imom huzuriga borib, qo‘ygan ayb­loviga asos so‘raydi. “Ko‘rinmas kuch” buyurtmasini bajargan dindor esa fikrini asoslash u yoqda tursin “bu gapni aytmaganman”, deb turib oladi. Bu kabi misollardan ko‘rinadiki, jadidlarga qarshi kimlardir atay, kimlardir ko‘r-ko‘rona qarshilik qilgan. Biroq ular dastur tuzib harakatlarini tashkil etishmagan.

Jadidlar-chi? Ularning harakat nizomi bo‘lganmi, deyishingiz mumkin, albatta. Chor hukumati mustamlakasidagi xalqlar siyosiy partiya tuzish u yoqda tursin, siyosatga aralashgan kishilarni avval tavba qildirishgan va maxsus xizmat nazoratiga olgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy ana shu jarayonni boshidan o‘tkazgan. U 1908 yilda “Ta’rix va jug‘rofiya” sarlavhali fel’yetonini yozgach, undan aytgan so‘zlari uchun izoh, to‘g‘rirog‘i, tavba talab qilishgan. Behbudiy tavba qilmasa-da, “Russiyani kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emasmiz va ammo “Ta’rix va jug‘rofiya” unvonlik maqolamiz ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi...” (“Turkiston viloyatining gazeti”(«TVG»), 1908 yil 18 dekabr). Behbudiyga birov “siyo­satga aralashma, so‘zingni qaytib ol” demaganida, u “Tavzeh”(“Izoh”) sarlavhali izoh shart bo‘lmagan maqolasida yuqoridagi fikrini yozgan bo‘larmidi?

Fursat g‘animatda bir fikr. Allomaning taqdiriga, davr ziyolilariga sezilarli ta’sir qilgan mazkur maqolani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra tartib beriladigan Behbudiyning “Tanlangan asarlar”iga kiritish muhim deb hisoblaymiz.

“Turkiston madaniy muxtoriyati”  

Jadidlar birlashish, fikr aytish va hamfikrlarni to‘plab, harakatga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishgan. Masalan, gazeta va jurnal, kitoblar chop etishgan, yozganlarini gapu gashtaklarda, mehmonxonalarda o‘qishgan. Shu bilan birga, imkoniyat tug‘ilganda sirtdan siyosatga aralashmagan holda nizom va dasturlar tuzishgan. Rossiyadagi 1905 yil taloto‘p­lari natijasida chor hukumati avtokratik zanjirlarni biroz bo‘shatishga majbur bo‘ladi. Ana shu imkoniyatdan foydalanib, jadidlar, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘sha paytdagi Turkiston xalqlari uchun madaniy davlat – madaniy muxtoriyat talab qilgan. Uning 1907 yilda Rossiya dumasiga yoki Musulmonlar fraksiyasiga topshirgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” deb nomlangan loyihasini o‘qib, moziydagi muhim voqeliklarga sababchi bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatlardan xabardor bo‘lish mumkin.

Bu juda yirik loyiha uchun Behbudiy qancha izlangan, fikrlagan, maslahatlashgan ekan, deb o‘ylab qolaman har gal uni o‘qiganimda. Madaniy muxtoriyat deyilgani bilan hujjatda siyosatu iqtisod ham, dinu huquq ham, qisqasi, Turkiston xalqlari hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar o‘rin olgan.

Loyihada qayd etilgan moddalar mazmunidan anglashiladiki, madaniy muxtoriyat asosida siyosiy muxtoriyat masalasi ham turibdi. Masalan, uning bir moddasida shunday yozilgan: “Turkistonga ko‘chmanchilarning olib kirilishi to‘xtatilsin”. Bu o‘lkani keng miqyosda ruslashtirish siyosatiga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’tiroz edi!

Yoki boshqa bandida “Ovrupoyi Rusiya musulmonlaridan ziyodaroq avtonomiyani Turkistong‘a berilmog‘i lozimdur”, deydi va bu fikrni “turkis­tonlilar hanuz doxilan o‘zini-o‘zi idora edar va Ovrupoyi Rusiyadagi qardoshlarimizdan ixtiyorlidurlar”, deb asoslaydi. Turkiston nisbatan ozodroqdir, demoqda Behbudiy. Bu fik­ri uchun mustamlakachilar nega unga e’tiroz bildira olishmagan, nega uni jazolashmagan? Negaki, Buxoro amirligi, Xiva xonligi qog‘ozda mustaqil davlatlar hisoblangan. Aslida unday emasligini Behbudiy bilsa-da, vaziyatdan huquqiy jihatdan ziyraklik bilan foydalangan.

Loyihadagi “Turkiston maktablari va madrasalari hukumat nazoratidan ozod bo‘lsun” talabini olaylik. Maktab va madrasalarning chor hukumati nazoratida bo‘lganligi haqidagi hujjatlar arxivlarda o‘rganilishini kutmoqda. Mustamlakachilar mahalliy xalqning savodli bo‘lishiga mutlaqo qarshi bo‘lishgan. Masalan, ta’lim muassasasiga mudarrislar tayinlashda mahalliy xalq orasidan bilimli, vatanparvarlarga emas, balki poraxo‘r, kaltabin, chalamullalarga va mustamlakachining har qanday topshirig‘ini ortig‘i bilan bajaradigan nusxalarga e’tibor qaratilgan. Yuqorida tilga olganimiz – tarixga “qadimchilar” nomi bilan kirgan va jadid maktablariga qarshi hujumlar aynan ana shu “tayin­langan”lar tomonidan amalga oshirilgan. Qolaversa, eski maktablarda bolaning umrini bekorga o‘tkazadigan tartib­lar, o‘qitiladigan darslar mazmuniga ham mustamlakachilar ana shu manqurt gumashtalari vositasida aralashgan. Masalan, geografiya, tarix, aniq fanlar ta’lim dasturiga kiritilmasdan, bolalar yoshiga mos bo‘lmagan adabiyotlar o‘qitilgan. Bitiruvchilardan xalqning koriga yaraydigan yaratuvchi mutaxassis emas, bu dunyoning o‘tkinchiligini barvaqt tan olib, fikrlamasdan, o‘z ustida ishlamay, eplasa maishatga beriladigan qultabiatlar yetishtirilgan. Bu haqda Behbudiy keyin­roq “Najot” gazetasining 1917 yil 7 noyabr sonidagi maqolasida shunday so‘zlarni yozadi: “Missionerlar tarafindan va yoinki bizni yo‘q va nobud bo‘lishimizni va shariati muqaddasimizni hukmdan qolishini istaydurgon eski va musta’bid hukumat odamlari tarafidan shunday zakunlar chiqardiki, masalan, “Har bir 25 yashar turkis­tonlilar qozi va volostnoy bo‘lishi mumkindur”, degan zakun qo‘yildi... Bu zakun bizga savodsiz va ilmsiz qozilarni oqcha va rishva (pora – H.S.) ila saylanmog‘iga yordam etdi. Eski zolim hukumatning ishi va din buzguvchi odamlari va missionerlari madrasalarimiz va maktablarimiz to‘g‘risinda ham bizni hayvoniyatga va jaholat maydoniga ham yo‘q va mahv bo‘lish chuquriga sud­raydurgon zakunlar vaze’ etdilar. Mudarrisni hech nima bilmaydurgon yosh talabalarni madrasa­ga saylab quyish tadbirlarini zakun qilib chiqordilar... Mudarris na ta’lim etar, na boshqa-bosh­qa ishlarga nazorat qilur edi. Natijada ulamo ozaydi. Axloq buzuldi, ulamo isnodig‘a johil va xoin­lar, sof savodsiz kishilar qozi bo‘ldi. Tadris va aftodai ojiz kishilar mufti, mudarris bo‘ldi. Bir mulla ham qozi va ham mudarris va ham oqsoqol bo‘lub, talaba, mirofa’chi va aholi ishlarini saktaga uchratdi. Boshqa tarafga qarasang qozi va mudarrislik uchun iste’dodnomasi bo‘lgan ulamomiz och yuradur. Oh, zolim hukumat va missionerlar bizg‘a nalar qildilar!..”

Aslida Behbudiy millatni yo‘q qilishga, mangu qullikda saqlashga mo‘ljallangan katta fitnaga qarshi ushbu bandni hujjatga kiritgan edi.

Hujjatdagi “Rus harfi (kirill – red) musulmon millatig‘a jabriy bo‘lmasun” degan talabni tahlil qilib ko‘ring. Bu harf oqibatida qancha millatlar o‘z yeridan, tarixidan mosuvo bo‘lgani misolida Behbudiy talabining naqadar to‘g‘ri ekanligini bugun ziyoli kishilar yaxshi anglaydilar, albatta.

“Nahr va katta va kichik ariq suvlarini taqsimi aholini ittifoqi va mashvarati ila bo‘lsun. (Qayd: hozirgi rus mirobini taqsimi kayfiyasi aholiga ko‘p zarar keltiradur)”. Holbuki, Turkiston tog‘laridan boshlab Orol dengizigacha bo‘lgan masofada suvni to‘g‘ri sarflash bo‘yicha zaminimizda asrlar davomida katta tajriba to‘p­langan va buni har bir davrning donishlari bilishgan. Qolaversa, bugun suv masalasida istalgan mintaqada fitna, janjal chiqarish mumkinligini anglab turibmiz. Lekin o‘sha paytdagi axborotsizlik muhitida mustamlakachi oldiga qo‘yilgan bu talabni qanday tafakkurdagi inson bitganligini bir tasavvur qilib ko‘ring.

Umuman, hujjatdagi har bir bandni chuqur tahlil qilish mumkin, ular sirtdan madaniy ko‘rinsa-da, asosan siyosiy talablardir va shu bois u chor hukumati ma’murlarining g‘aladonida qolib ketgan, jamoatchilikdan yashirilgan. Murojaati e’tiborsiz qoldirilganini anglagan Behbudiy uning mazmunini keyinroq gazetada maqola tarzida chop ettirgan. Maqola bilan mazkur hujjat qiyoslanganda esa “Turkiston viloyati gazetasi”ning missioner muharriri N.Ostroumovning qaychisiga yo‘liqqani ma’lum bo‘ladi.

Halim Saidov, 

filologiya fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)