Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi Samarqand qadimiy salohiyatini tiklashga intilmoqda

Samarqand qadimdan turizm shahri hisoblangan. Bugun ham bu muazzam shaharga yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyurmoqda. Xo‘sh, mehmonlarga shahrimizning go‘zalligiyu tarovatini boricha namoyish qilishga tayyormizmi? Ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi talab darajasidami? Shu savollar bilan Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir NURULLAYeVga murojaat qildik.

- Viloyatimizda jahonda tengi yo‘q tarixiy yodgorliklar bor,- deya gap boshladi Botir Nurullayev. - Qadimdan me’moriy salohiyatga, bilimga ega bo‘lgan ajdodlarimiz tomonidan go‘zal va chiroyli arxitektura yechimlarga ega bo‘lgan obidalar qurilgan. Bugungi kunga kelib ular bunyod etgan tarixiy majmualarni o‘z holicha saqlab, kelajak avlodlarga yetkazish, ularning go‘zalligini butun dunyoga namoyish qilish maqsadida ko‘p ishlarni amalga oshiryapmiz. So‘nggi uch yil ichida hukumatimizning turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari viloyatda tashqi va ichki turizmni keng rivojlantirishga hamda turistlar tashrif buyuradigan infratuzilmani yanada yaxshilashga katta imkoniyatlar yaratib berdi. Prezidentimizning joriy yilning 26 iyulda viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari doirasida Vazirlar Mahkamasining «Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Shu hujjat asosida viloyatimizning mavjud turistik salohiyati va sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab olindi.

- Viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasi qanday bo‘lmoqda?

- Joriy yilning o‘tgan 10 oyida viloyatga jami 2,7 million turist tashrif buyurgan bo‘lib, shundan 500 mingdan ziyodini xorijiy sayyohlar tashkil etdi. Vaholanki, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ularning soni 351 ming nafar bo‘lgan edi. Jahonning 147 davlati fuqarolariga vizasiz rejim hamda elektron vizalar olish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda viloyatimizda 5949 o‘rinli 142 ta mehmonxona va 1207 o‘rinli 135 ta oilaviy uy-mehmonxona hamda 170 ta turoperatorlik sub’yektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. 230 ta zamonaviy avtotransport vositalari va 230 nafar gid-tarjimon sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Joriy yilning o‘zida 1446 o‘ringa ega bo‘lgan 27 ta mehmonxona, tadbirkorlarimiz tomonidan 43 ta turoperatorlik sub’yektlari tashkil qilindi. Shuningdek, sayyohlarga shahar ichida va shaharlararo sayyohlik yo‘nalishlarida qulaylik yaratish maqsadida 26 ta turistik klassdagi avtobus va 46 ta mikroavtobus olib kelindi. 8 ta turistik axborot markazlari tashkil qilindi. 57 ta yo‘l ko‘rsatkichlari va belgilari hamda viloyat hududida joylashgan 40 ta turistik ob’yektda va yo‘l bo‘ylarida 18 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etildi.

- Viloyatimizga kelgan aksariyat sayyohlar shu kunning o‘zida qaytib ketmoqda. Ularning tashrif muddatlarini uzaytirish uchun zarur sharoitlar yaratilyaptimi?

- Sayyohlik xizmatidagi dolzarb masalani ta’kidladingiz. Aynan shu holatga barham berish bizning asosiy yumushlarimizdan biriga aylangan. Shu jihatdan viloyatimizga mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimining ortib borishida, ularning tashrif muddatlarini uzaytirish hamda mazmunli dam olishlari uchun 18 ta yangi marshrutlar qo‘shildi. Chunki sayyohlarning qo‘shimcha yana bir kecha viloyatimizda qolish muddatlarini uzaytirish, tariximiz va madaniy-ma’rifiy hayotimizga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va marshrutlari paydo bo‘lishi orqali bizda aholi bandligini oshirish, tadbirkorlar daromadini ko‘paytirish hamda turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchilar soni ortib borishiga xizmat qiladi. Samarqand shahri mehmonlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida shu yilning o‘zida 55 ta yangi Wi-Fi nuqtalari o‘rnatilib, ularning soni 67 taga yetkazildi. Turistik salohiyatni keng reklama qilish maqsadida 60 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari jalb qilinib, targ‘ibot ishlari olib borildi. Yigirmadan ortiq turli «Silk road bazaar», «Ko‘pkari», «Turizm kuni», «Ziyorat turizmi» festival va tadbirlar tashkil etildi.

Shuningdek, joriy yilning 9-11 iyul kuni MDH mamlakatlari birinchi yarmarkasi, 26-28 noyabr kunlari 180 dan ortiq turistik shaharlar a’zoligiga ega bo‘lgan Butunjahon Turistik Shaharlar Federatsiyasining (WTCF) 1-Markaziy Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ularda 20 dan ortiq kelishuvlarga erishildi. Kelgusi yili tashkilot tomonidan faqatgina Xitoydan 100 ming sayyoh jalb qilishi ma’lum bo‘ldi.

Yana “Invest in Samarkand” investitsion forumida turizm sohasiga 400 million AQSh dollariga teng to‘g‘ridan–to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Latviyada “Balttur-2019”, Germaniyada “ITB Berlin-2019”, Dubayda “Arabian Travel Fair 2019”, Finlyandiyada WTCF sammiti, Hindistonda “Luxury Symposium - 2019” hamda Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Beijing Expo-2019” kabi ko‘rgazmalarda Samarqandning turizm salohiyati keng namoyish etildi.

- 2022 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti aynan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu nufuzli tadbirga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

- Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan yo‘l xaritasiga muvofiq Xalqaro moliya institutlari, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan yirik istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. 2019-2021 yillarda Samarqand shahrining 5 ta asosiy ko‘chasida xususiy investorlarni jalb qilgan holda turizm infratuzilmasi tashkil qilinadi. Jumladan, O.Mahmudov ko‘chasida gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan loyihaga asosan rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Universitet xiyoboni, Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalarida musiqachilar, rassomlar, ko‘cha aktyorlari va tez ovqatlanish nuqtalari bilan birga piyodalar alleyasi tashkil etiladi. Shaharning Islom Karimov ko‘chasida piyodalar alleyasini to‘liq milliy uslubda va o‘rta asrlar ruhida obodonlashtirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilmoqda. Amir Temurning 2 ta bog‘ini qayta tashkil etib, ularning tarixiy qiyofasini qayta tiklashga harakat qilyapmiz. Bu borada Bog‘ishamol bog‘i sifatida shahrimiz chetida joylashgan Qoradaryo daryosi bo‘yidagi “Bagishamal garden” etnografik parki sayyohlarni qabul qilish uchun tayyorlangan. Hozirda bu yerda turli darajadagi tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Yaqinda O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi bilan hamkorlikda “World Plov Shampionship" pazandachilik musobaqasi shu yerda tashkil etilgani fikrimning tasdig‘idir. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bog‘liq bog‘lardan sanalgan Bog‘ibalanddagi anjirzorda tashkil etilgan anjir sayliga tashrif buyurgan yuzlab xorijiy va mahalliy sayyohlar sarxil anjirlardan bahramand bo‘lishdi. Qolgan 10 ta bog‘ning o‘rnini aniqlash bo‘yicha ham tarixchi olim va tadqiqotchilardan iborat ishchi guruh izlanishlar olib bormoqda.

Mutaxassislarimiz qadimiy “Ark” qarorgohiga kiruvchi “Oq darvoza”ni o‘zining tarixiy joyida qayta tiklash, buyuk diniy ulamo Shayx Nuriddin Basir daxmasi va Amir Temur hammomini qayta tiklash, “Afrosiyob - qadim bozor” va Islom Karimov ko‘chasidagi savdo maydonlarini turizm ob’yekti sifatida asl holatiga keltirish, Bibixonim majmuasining tarixiy ko‘rinishini qayta tiklash kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham konsepsiya ishlab chiqilmoqda. Viloyatda arxeologik turizmni rivojlantirish maqsadida Bulung‘ur tumanidagi Sherozqal’a, Paxtachi tumanidagi Dabusiya, Samarqand tumanidagi Revdat shaharchasi, ya’ni Kofirqal’a hamda Afrosiyob shaharchasidagi tarixiy-arxeologik yodgorliklarni restavratsiya qilish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur tarixiy ob’yektlarni tiklash ishlari YuNESKO mutaxassislarining xulosalari olingandan so‘ng amalga oshiriladi. Shu bois bu sayyohlik ob’yektlari yaqindagina o‘tkazilgan O‘zbekistonning badiiy merosi bilan tanishtirishga ko‘maklashuvchi 1-«Art symposium of Samarkand’s architecture, mayolica & mosaic» simpoziumiga tashrif buyurgan mutaxassis-olimlar muhokamasiga qo‘yildi.

- Ochig‘i, ko‘pchilik xorijiy sayyohlar Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi kabi tarixiy obidalarimizni tomosha qilish uchun keladi. Menimcha, ularga yengillik yaratish sayyohlar tashrifining ortishiga, ularning Samarqandda ko‘proq bo‘lishiga zamin yaratadi. Bu haqda ham o‘ylash, biror sharoitlar yaratish kerakdir…

- Sayyohlarga qulaylik yaratish va tungi vaqtlarda madaniy dam olishlarini ta’minlash maqsadida “Registon” ansamblida kech soat 24:00 gacha ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Filarmoniyasi viloyat bo‘limi bilan birgalikda Sherdor madrasasida teatr shousi va madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, Registon maydonida jadval asosida soat 21:00 da nurli lazer-shou namoyishi tashkil etilmoqda. Mavsum bo‘lmagan davrda, ya’ni 20 noyabrdan 20 fevralgacha yurtimizning turli viloyatlaridan kelayotgan mahalliy sayyohlar uchun turistik ob’yektlarga kirishda chegirmalar joriy etildi. Madaniy meros ob’yektlari va me’moriy yodgorliklarning kirish joylariga elektron hisoblash tizimiga ega zamonaviy turniketlarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.

- Samarqand eshkak eshish kanali hududida sayyohlik markazi tashkil etilishi haqida yaxshi xabarlar tarqalgan edi.

- Samarqand eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishini amalga oshirish yuzasidan yirik loyihalarga asosan bunyodkorlik ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu borada ancha ishlar qilindi ham. Hozirda «O‘zmilliybank» va «ERIELL» Group kompaniyasining mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihalarni ishga tushirish uchun Prezidentimizning tegishli qaror loyihasi ham tayyorlangan. Tez orada asosiy ishlar ham boshlanadi.

- Sayyohlarning, ayniqsa, xorijliklarning Samarqandga kelishidan maqsad faqat tarixiy yodgorliklarni ko‘rib ketish bo‘lmasa kerak...

- To‘g‘ri, ular osori-atiqalarimizdan tashqari milliy oshxonalarimizni ham ko‘rib, taomlarimizdan tanovul qilishadi. Bu maqsadda, rejaga asosan Imom Buxoriy majmuasi atrofida ziyorat mehmonxonalari, halol umumiy ovqatlanish maskanlari va boshqa infrastruktura ob’yektlarini barpo etish bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Shuningdek, “Alpomish” zavodi hududida zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar “Turistik markazi”ni tashkil etish bo‘yicha loyiha taklifi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, sayyohlar Samarqand davlat universitetida tashkil etiladigan “Samarqand ustida yulduzlar” dasturi doirasida “Grubb Parsons” zamonaviy teleskopi orqali tungi osmonni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Xorijiy va mahalliy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi 28 ta ixtisoslashtirilgan ovqatlanish shoxobchalari, klublar, ko‘ngilochar va boshqa muassasalarning tunggi vaqtda 23:00 dan 06:00 gacha ishlash rejimi tashkil etildi. Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘idagi “Hazrati Dovud” ziyorat majmuasi hududida xususiy investor tomonidan arqon yo‘li, dam olish markazi, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va savdo markazini qurishi uchun 5 gektar yer maydoni ajratildi.

- Ko‘pchilik sayyohlar aloqa tizimi va yo‘llarimizning yomonligidan nolishadi. Bu borada ham ishlar olib borish ko‘zda tutilganmi?

- To‘g‘ri, ko‘pchilik xorijlik sayyohlar internet va telefon aloqalari yaxshi ishlamasligiga e’tiroz bildiradi. Bu borada ham qator rejalarimiz bor. Jumladan, ularga qulaylik yaratish maqsadida viloyat ishchi guruhi tomonidan 4-G tarmoq standartlarining signal darajasining ekspertiza va diagnostikasini o‘tkazish, shuningdek, aloqa darajasi va sifati kartografiyalash ishlari o‘rganilmoqda. Bundan tashqari 2020-2021 yillar davomida 23 ta qishloqda etno, agro, ekstremal, tog‘ va ekologik turizmni rivojlantirish loyihasini amalga oshirish yuzasidan tuzilayotgan konsepsiyaga asosan turizm marshrutlari bo‘yicha keyingi ikki yil ichida yuz kilometrdan ortiq avtomobil yo‘li va piyodalar yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 2020 yilda qaror doirasida Samarqand shahrida turizm brendini targ‘ib qilish maqsadida 12 ta xalqaro darajadagi tadbirlar o‘tkaziladi. Rejalashtirilgan barcha loyihalarimizni amalga oshirishga erishsak, 2022 yilda viloyatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 1 million 200 ming nafarga, turizm xizmatlari eksporti esa 558 million AQSh dollariga yetkaziladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV suhbatlashdi.