Buyuk jadid - Ismoilbek Gaspirali muzeyida Mahmudxo‘ja Behbudiy dastxat yozgan kitob saqlanadi

Yaqinda Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi Dilafro‘z Rahmatova Qrim shahriga borib, taniqli jadid yashagan uyda ko‘plab materiallar bilan tanishdi.

- Jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Ismoilbek Gaspirali 1851 yilning 8 mart kuni Qrimning Avjiko‘y qishlog‘ida tug‘ilgan, - deb yozadi D.Rahmatova. - 1914 yilning 11 sentyabrida 63 yoshida Bog‘chasaroyda vafot etgan. Qisqa umri davomida «Fikrda birlik, ishda birlik, tilda birlik» g‘oyasini ilgari surib, barcha turkiy xalqlarni birlashtirishni maqsad qilgan. Ismoilbek Gaspirali o‘z g‘oyalarini keng  miqyosda tarqatish maqsadida «Tarjumon» gazetasini tashkil etgan. «Tarjumon» gazetasi Xitoy, Turkiya, Bolgariya, Misr, Fransiya, Shvetsiya, AQSh, shuningdek, Buxoro amirliklari va Xiva xonliklari hududlariga keng tarqalgan.

Ismoilbek Gaspirali «Farangiston maktablari», «Darul rohat musulmonlari», «Afrika maktublari», «Ayollar saltanati», «Arslon qiz», «Sharq qayg‘usi», «Rusiya musulmonligi: musulmonning fikrlari, eslatmalari va kuzatuvlari», «Rusiya-Sharq kelishuvi. Fikrlar, eslatmalar va tilaklar» kabi roman, hikoya, qissa, esse muallifidir. Uning qalamiga mansub  geografiya, tarix, adabiyot, arifmetikaga oid darsliklar, «Xo‘jai sub’yon» qo‘llanmasi Turkiston jadid maktablarida o‘qitilgan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelib, jadidchilik nomi bilan shakllangan ma’rifatparvarlik harakati ko‘p jihatdan Ismoilbek Gaspirali nomi bilan bog‘liq. Ma’rifat, matbuot, adabiyot va teatr, yangi usuldagi jadid maktablarinining Turkistonda rivojlanishida Ismoilbek Gaspiralining xizmatlarini yaxshi anglagan ziyolilar adibni ustoz deb bilganlar.

Ismoilbek Gaspirali faoliyatini ilmiy jihatdan o‘rganish, bu borada yangi ma’lumotlar to‘plash maqsadida yaqinda Qrimda bo‘ldim, taniqli jadid yashagan uyda ko‘plab materiallar bilan tanishdim.

"Ikkinchi jahon urushining dastlabki yillarida mening millatim - qrim tatarlari O‘zbekistonga surgun qilingan, - deydi Ismoilbek Gaspirali uy-muzeyi direktori Elmira Abibullayeva. - Xalqim o‘z Vatanini tashlab, o‘zga yurtga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. O‘zbek xalqi bizning ota-bobolarimizni kutib olgan, uy bergan, issiq ovqatini, mehrini darig‘ tutmagan. Mening ota-onam Namangan tumanining Pop tumanida istiqomat qilgan, o‘zim ham o‘sha jannatmonand yurtda tug‘ilib, voyaga yetganman.

Qrim tatarlarida bir gap bor. Buni bizning ota-bobolarimiz doimiy ravishda takrorlab turishadi, biz esa o‘z navbatida farzandlarimizga, o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazamiz. "O‘zbekiston eli urush yillarida bizni o‘z bag‘riga oldi. Biz buni unutmasligimiz kerak!".

Ismoilbek Gaspiralining uy-muzeyida saqlanayotgan har bir eksponat uning faoliyati, o‘sha davr voqealari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi. Mahmudxo‘ja Behbudiy Ismoilbek Gaspiralini g‘oyat hurmat qilgan va u bilan uchrashgan vaqtlari o‘zining baxtiyor damlari ekanligini ta’kidlagan. Ayniqsa, Istanbulning Gulxona bog‘ida ustozi bilan uchrashgani, shu paytda uning sog‘lig‘i yomon bo‘lsa-da, Turkistondagi maktablar, maorif, ma’rifat, noshirlik ishlari bilan qiziqqanligini yozib qoldirgan.

Hujjatlarning guvohlik berishicha, Gaspirali Buxoro amirligi rus bosqinchilarining talafotidan qay holatda chiqishini tasavvur qilib, xavotir oladi. Chunki Ismoilbek Gaspirali Buxoro amiri huzurida bir necha marta bo‘lib, davlat taraqqiyotida «usuli jadid» maktablarining ahamiyati haqida qizg‘in suhbatlar olib borgan. Buning natijasida III darajali Buxoro «Oltin yulduzi ordeni» bilan taqdirlangan. Ushbu orden rasmi va hujjatlari uy-muzeyda saqlanmoqda.

Ismoil Gaspirali Turkistonga qilgan safari taassurotlari asosida gazetada turkum maqolalar e’lon qilgan. Uning «Buxoro va Boqchasaroy», «Boqchasaroydan Toshkentga sayohat», “Marg‘inoniy Burhoniddin. Olim, «Hidoya» («Shariat») kitobining muallifi” (so‘nggi maqola «Tarjumon» gazetasining to‘rt sonida bosilgan) maqolalari Turkiston ziyolilari tomonidan qizg‘in kutib olingan.

Ismoilbek Gaspirali uy-muzeyida Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» darsligi mavjud. Darslikni muallifning o‘zi dastxat yozib, Gaspiraliga taqdim qilgan. Darslikda O‘rta Osiyo tabiati, geografiyasi, suv havzalari, ob-havosi, tuprog‘i, tog‘li hududlari, vodiylari, tabiiy boyliklari haqida ma’lumotlar berilgan. Kitob 1905 yilda chop etilganligini hisobga olsak, unda turli geografik rasmlarning berilishi maqtovga sazovor. O‘sha davrda kitobga rasm bosishning murakkabligini bugungi kun o‘quvchisi anglamasa kerak. Shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiyning forsiy tilda yozilgan «Alifboi maktabi Islomiya» alifbosi ham mavjud. Darslik 1905 yilda Samarqanddagi Demurov matbaasida chop etilgan.

Ismoilbek Gaspirali uy-muzeyida mumtoz adabiyotimizga, jadidchilikka oid  ko‘plab kitoblar mavjud.

"Kitoblar soni 100 ga yaqin bo‘lib, ular Sankt-Peterburg muzeyiga olib ketildi, - deydi Elmira Abibullayeva. - Biz 2017 yilda muzey tashkil etilganligining 100 yilligiga bag‘ishlab, bu yerda saqlanayotgan barcha kitob va eksponatlar katalogini tuzib, nashr ettirdik".

Ismoilbek Gaspirali hayoti va faoliyatini kengroq tadqiq etish Turkiston jadidchilik harakati to‘g‘risidagi bilimlarimizni yanada boyitadi, tariximizning o‘rganilmagan jihatlariga aniqliklar  kiritadi.