Ular bosmachi emas: Ozodlik jangchilari taqdiri

Samarqand viloyatida sho‘ro tuzumiga qurolli qarshilik ko‘rsatgan harakatga Ochilbek, Bahrombek, Hamroqulbek singari katta kuch va mavqega ega qo‘rboshilar boshchilik qilgan bo‘lsa-da, tarqoq holda Said Murod qo‘rboshi, Dodhohbek, Sariqulboy, Qoraqulbek rahbarligidagi kichik to‘dalar ham bolsheviklarga sezilarli zarbalar berardi.

1920-1923 yillar davomida viloyatda 15 nafar yirik qo‘rboshi guruhi faoliyat ko‘rsatib, ular tarkibidagi minglab qurolli qasoskorlarning ko‘pchiligi tarqoq holda jang qilishgan.

Qurolli qarshilik harakati ishtirokchilarini birlashtirish, ularning kurashiga ma’lum bir yo‘nalish berishga intilish bo‘lganmi? Albatta bo‘lgan. 1922 yil 15-20 aprelda Samarqand shahrida yarim yashirin holatda Turkiston musulmonlarining 2-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi barcha nufuzli qo‘rboshilar o‘n nafardan yigiti bilan, shu jumladan, Xorazm, Buxoro jumhuriyatlari va Kaspiyorti, Oqmula viloyatlaridan ko‘plab vakillar ishtirok etdi. Qurultoyda Shermuhammadbek katta ma’ruza qilgan.

Shermuhammadbek boshchiligida 1920 yil may oyida tuzilgan Turkiston muvaqqat hukumati – “Turkiston – Turk mustaqil Islom Jumhuriyati” Samarqanddagi qurultoyda tasdiqlandi. Qurultoy oxirida 7 bo‘lim va 36 banddan iborat maxsus rezolyusiya qabul qilindi. Ushbu rezolyusiya mamlakatning asosiy Qonuni (Konstitutsiyasi) bo‘lmog‘i lozim edi.

Din peshvolari, mulkdor kishilar sovet tuzumiga qurolli qarshilik harakatini ham ma’naviy, ham iqtisodiy jihatdan qo‘llab turgan. Ana shularning isboti sifatida samarqandlik Mulla Xoliqulning millatga qilgan quyidagi da’vati ibratli va ta’sirli: «Hududning mulkdor kishilari bo‘lgan Xo‘ja Eshonqul oqsoqol, Xo‘ja Shodibek, Rajabbek, Abduraufboy, Ikromboy, Mulla Oqil, Ne’matullabek va boshqalarni dushmanga qarshi kurash uchun 200 tilla, 200 dona 5 so‘mlik oltin tanga, 50 dona etik, 200 arshin gazlama va boshqa miqdordagi mol-mulklarni to‘plashga chaqiraman. Ushbu sa’y-harakatlarning hammasi Vatan mustaqilligi uchun qilinadi. Bu yorug‘ dunyoda hech kim abadiy yashamaydi... Oxirgi qoningiz qolgunicha kurash olib boring!». Bu chaqiriq xatiga bir qancha nufuzli din peshvolari imzo –barmoq izlarini bosishgan.

Milliy ozodlik harakati ayniqsa, 1921-1923 yillarda keng quloch yozdi. Bu vaqtda Samarqand viloyati hududida 10 ming nafardan ziyod harakat ishtirokchilari mavjud edi. Arxiv hujjatlaridan shu narsa ma’lumki, sovetlarga qarshi bunday ommaviy harakatlar viloyatdagi boshqaruv idoralari rahbarlarini, harbiy qismlar boshliqlarini qattiq cho‘chitib yubordi. Ular yordam so‘rab Moskva va Toshkentga tinimsiz murojaat qila boshladilar. Davlat siyosiy boshqarmasining Samarqanddagi vakillari qo‘rboshilar o‘rtasiga nifoq solish, ularning birlashib, yanada katta kuchga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yaxshigina mablag‘ evaziga ishlaydigan xufyalarni, pul uchun har narsaga tayyor xoinlarni ishga solishdi va ma’lum darajada o‘z maqsadlariga erishdilar ham.

Ming-minglab kishilar vatan mustaqilligi va erki yo‘lida kurashayotgan bir paytda to‘s-to‘polon davrdan foydalanib, xalqini talash, o‘g‘irlik, qaroqchilik yo‘liga o‘tgan kichik to‘dalar ham paydo bo‘ldi. Ular o‘z nafsi yo‘lidagi xatti-harakatlari bilan milliy ozodlik jabhasidagi kurashlarga dog‘ tushirdilar. Bu hol yangi tuzum maddohlariga ham qo‘l keldi. Joylarda “ana, “bosmachilar” qilgan ishni ko‘rib qo‘ying” qabilidagi targ‘ibot kuchaytirildi.

Qo‘lga tushgan qurolli qarshilik harakati ishtirokchilari ayovsiz jazolandi. Ularning bir qismi otib tashlangan bo‘lsa, qolganlari SSSRda o‘sha yillarda tashkil topa boshlagan qonsentratsion lagerlarga jo‘natildi.

O‘zi ham ko‘p yillar qatag‘on azobini tortgan, turli qamoqxona-yu, lagerlarda bo‘lgan rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin «Arxipelag GULAG» asarida Solovetsk orolidagi eng mashhur va dahshatli qamoqxonaga keltirilgan mahbuslarni qanday kutib olishganini shunday tasvirlaydi: «… Bu yerga qadam bosgan sho‘ring qurg‘urlarning ko‘zi boshqa narsalardan avval afsonaviy sobiq rotmistr Kurilkoga tushadi. U o‘zining chekistlar kiyadigan uzun harbiy shinelida qator tizilib turgan mahbuslar oldida biror bochka yoki boshqa balandroq narsaning ustiga chiqib g‘azab va nafrat to‘la ovozi bilan ularga qarata navbatdagi nutqini boshlaydi...

- E-e-ey! Diq-qa-at! Bu yer Sovet respublikasi emas, Solovets respublikasidir. Bilib qo‘ying – bu yerga hali biror prokurorning qadami tekkan emas va tegmaydi ham! Sizlar bu yerga qilmishlaringdan afsuslanib, tuzalish uchun yuborilmagansizlar! Bukrini tuzatib bo‘lmaydi! Tartib shunday: «o‘tir» desam o‘tirasan, «yot» desam yotasan! Uyga xat bunday yoziladi: tirikman, sog‘man, hammasi yaxshi! Nuqta!».

Uning bu nutqini kechagi nomdor dvoryanlar, poytaxtlik ziyolilar, poplar, mullalar, O‘rta Osiyodan keltirilgan boshqa oddiy xalq hayratda qotganicha tinglaydi” (maqola muallifining erkin tarjimasi).

“Bosmachi” tamg‘asi bilan (aslida qurolli qarshilik harakati ishtirokchilari) qamalgan yuzlab yurtdoshlarimiz 1923 yildan boshlab aynan shu oroldagi dahshatli qamoqxonaga tashlandi. O‘sha yillarda qamalgan yuzlab, minglab turkistonliklardan faqat barmoq bilan sanarli kishilargina omon qaytishgan. Ushbu orol hududida 2000-2014 yillar yoz mavsumida tekshiruv olib borgan Rossiyadagi “Memorial” tashkiloti (ular ham qatag‘on qurbonlari qismatlarini o‘rganish, nomlarini aniqlash, tiklash bilan shug‘ullanadi) a’zolarining ta’kidlashicha ana shu izlanishlar natijasida mahbuslardan 15-20 nafari birato‘la otib tashlangan o‘nlab joylarni ochishgan. Demak, ular sud-so‘roqsiz qatl etilgan.

1920-yillar va 30-yillarning boshlarida sho‘ro tuzumiga qarshi qurolli qarshilik harakatida ishtirok etganlarning katta qismi 3-5 yillik qamoq jazosini o‘tagan bo‘lsa-da, ammo 1937-1938 yillarda yana qatag‘on domiga tortildilar. Bular qurolli qarshilik harakatida ishtirok qilganlikda ayblanib, 1937-1938 yillarda jazoga tortilgan minglab vatanparvarlar soni oldida dengizdan bir tomchidek gap. Mana, ulardan bir necha nafarining ismi-shariflari:

Abduxoliqov Inoyatulla – 1896 yil Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Arxivarius bo‘lib ishlagan. 400 kishilik qurolli qarshilik harakati otryadi tuzganlikda va quloqlar xonadonlari hujjatlarini yondirib yuborganlikda ayblangan. 1937 yil 19 sentyabrda 10 yilga qamalgan.

Saidov mulla Husain – 1897 yil Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Qurolli qarshilik harakati (“bosmachilik”) davrida 500 kishilik otryad tuzganlikda va “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi bo‘lganlikda ayblanib, 1937 yil 1 oktyabrda 10 yilga hukm qilingan.

Hidoyatbekov Inoyat To‘ra – 1897 yil Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bo‘lganlikda va qurolli qarshilik harakati otryadini tuzganlikda ayblangan. 1937 yil 20 sentyabrda 10 yilga hukm qilingan.

Samandarov mulla Qilich – 1880 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Chaqar qishlog‘ida tug‘ilgan. Quloq qilingan eshonlardan. Qurolli qarshilik harakatida ishtirok etgan, deb ayblangan. 1937 yil 19 avgustda otuvga hukm qilingan.

Saidov Abdurasul – 1878 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Shayx islom qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida bo‘lganlikda va qurolli qarshilik harakatida ishtirok etganlikda ayblanib, 1937 yil 19 avgustda otuvga hukm qilingan.

Abduqosimov Yaxshiboy – 1902 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Kikim (Qiyqim) qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq”  qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda ayblangan. 1937 yil 19 avgustda 10 yilga qamoqqa hukm qilingan.

Saidov Abduqodir – 1873 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Shayx islom qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1937 yil 4 oktyabrda 10 yilga qamalgan.

Omonov Abdug‘ani – 1874 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Bahrin qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1937 yil 10 oktyabrda 10 yilga qamalgan.

Zokirov mulla Abdurahmon – 1868 yil Tojikistonning Odin qishlog‘ida tug‘ilgan. Mitan tumanidagi qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va aholini ularga ko‘maklashishga chaqirganlikda ayblangan. 1937 yil 4 oktyabrda 10 yilga hukm qilingan.

Nazarov Ravshan – 1911 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Qora qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1937 yil 10 oktyabrda 10 yilga qamalgan.

Abdujalilov Xolmat – 1878 yil Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanining Bahrin qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1937 yil 13 oktyabrda 10 yilga qamalgan.

Yormahmadov Almahmad – 1882 yil Qoradaryo tumanining Qusvat qishlog‘ida tug‘ilgan. “Quloq” qilingan. Qo‘zg‘alonchilar guruhida ishtirok etganlikda va sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblangan. 1937 yil 3 noyabrda 10 yilga qamalgan.

Holbuki, SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari tomonidan tayyorlangan Samarqand viloyati bo‘yicha qatag‘on qurbonlari “Xotira kitobi”ning 1-tomiga bunday kishilardan mingdan ziyodi nomma-nom aniqlanib kiritildi.

1918-1925 yillarda Turkistondagi milliy qurolli qarshilik harakati bilan kurashish uchun tashlangan sovet muntazam qo‘shinlarida ma’naviy ahvol, ularning moddiy ta’minoti qanday edi? Bular haqida quyidagi hujjatlar yaqqol hikoya qiladi.

Inqilobiy harbiy kengash a’zosi Berezenning 1921 yil 31 iyuldagi dokladidan: «Zimmasiga «bosmachilar» to‘dalariga qarshi kurashish vazifasi yuklangan qizil gvardiyachilar otryadlari asosan jinoyatchi shaxslardan shakllantirilgan. Ularning har bir yurishi tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik, talonchilik, o‘ldirishdan iborat bo‘lmoqda. Qishloqlarga bunday yurishlar chorizm davridagi jazo otryadlarining xatti-harakatlaridan hech qanday farq qilmaydi… Bizga yuborilgan xabarlarda bosmachilarga qarshi kurash borayotgan keyingi uch yil davomida ulardan 300 ming kishi yo‘q qilingani haqida aytiladi. Vaholanki, qurolli to‘dalardagilar soni hech qachon 15 ming kishidan oshmagan. Demak, o‘sha 300 ming kishi tinch aholidan bo‘lgan. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, ana shu harakatlar davomida “bosmachilar” emas, balki muntazam ravishda mehnatkash dehqonlar yo‘q qilingan».

Yoki, mana bu hujjatga ham e’tibor qarating. Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Isayev Turkbyuro raisi Gusevga 1922 yil 28 mayda yo‘llagan telegrammasida quyidagilarni ma’lum qiladi: «Samarqand viloyatida komandirlar tarkibining birgalikda uyushtiradigan ichkilikbozliklari tufayli obro‘yi va nufuzi tushib bormoqda… Aksariyat harbiy qismlarda tartib-intizom qoniqarsiz ahvolda. Tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik, ularni kaltaklash hollari tabora ko‘paymoqda.

Masalan, 1 may kuni uch nafar qizil gvardiyachi bayram munosabati bilan o‘tkazilayotgan namoyishdan ketib qolib, yo‘lda ularga yordam sifatida oziq-ovqat mahsulotlari olib kelayotgan mahalliy aholidan uch kishini uchratib, barcha narsalarini tortib oladilar va o‘zlarini kaltaklashadi. Oqibatda tinch aholidan bir kishi shu yerda jon beradi. Qizil armiya qismlaridagilarning 75 foizi bosqinchilik, zo‘ravonlik illatiga mubtalo bo‘lishgan. Harbiy qismlarni kiyim-kechak bilan ta’minlash xarob ahvolda. Ularning 25-90 foizida kiyim-kechak yetishmaydi. Samarqand viloyatidagi ikkita divizion va uchta otliq polk na oyoq kiyim, na usti-bosh bilan ta’minlangan».

Shunday hollar ham bo‘lganki, o‘sha paytlari o‘rnatilayotgan sovet tuzumiga qarshi qurolli kurash rahbarlari – qurboshilarni qo‘lga tushirolmagach, ularning yaqinlari garov sifatida ushlanib otib tashlangan. Buni Samarqand viloyatidagi qo‘shinlar qo‘mondoni Snitkoning Turkiston fronti qo‘mondoniga 1922 yil 10 sentyabrda yo‘llagan ushbu telegrammasidan ham bilsa bo‘ladi: «Turkiston fronti Inqilobiy harbiy kengash tomonidan menga berilgan vakolatga ko‘ra buyuraman: Ushbu buyruq volostlar va qishloqlardagi vakil shaxslarga yetkazilgandan so‘ng 48 soat ichida Bahrom, Ochil, Hamroqul, Ziyovuddin va Shahriyor qurboshilar o‘z yigitlari bilan kelib qurollarini topshirmasa, ularning besh nafar yaqin qarindoshlari otib tashlanadi».

Shu narsa yaxshi ma’lumki, sovet tarixshunosligida o‘nlab yillar davomida “Markaziy Osiyo mintaqasining musulmon aholisi Oktyabr inqilobi tufayli sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni quvonch bilan qarshi oldi”, deb ta’kidlab kelindi. Ushbu tuzumga qarshi qurolli kurash ishtirokchilarini esa «bosmachilar» degan nom bilan atadi. Ularni yo‘lto‘sar qaroqchilar bilan bir safga qo‘ydi. Ammo keyingi yillarda O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi arxivlarida saqlanayotgan va maxfiylik tamg‘asi olib tashlangan hujjatlardan shu narsa ayon bo‘layaptiki, o‘tgan asrning 20-yillarida faoliyat yuritgan sovet idoralari mas’ul xodimlari, qizil qo‘shinning yuqori mansabdorlari ham tan olishganidek, qurolli qarshilik harakati muntazam ravishda tinch aholi yeridan, mulkidan judo bo‘lgan dehqonlar, yaqinlari vahshiyona qilichdan o‘tkazilgan, otib tashlangan. Yuragida qasos o‘ti yongan, zo‘rlab tatbiq etilayotgan, kiritilayotgan ijtimoiy tuzumni qabul qilishni istamagan kishilar hisobiga to‘lib boravergan. Demak, harakat – sovetlarning bosqinchilik siyosatiga nisbatan qurolli qarshilik sifatida maydonga kelgan edi.

Muzaffar MUQIMOV,

SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi hududiy muzeyi direktori.