Chandirobodda g‘o‘zaning holati qoniqarsiz
Joriy yilda paxtakor fermerlarimiz g‘o‘zaning xorijdan keltirilgan serhosil navlarini yetishtirmoqda. Buning uchun iqlimga mos, kasallikka chidamli, tolasi pishiq va serhosil navlar tanlab olingan. Ammo, bu barchasi ko‘ngildagidek bo‘ladi, degani emas.
Har qanday o‘simlikka o‘z vaqtida agrotexnik ishlov berish, oziqlantirish, parvarish zarur. Shu bois, dalalarda xorijiy navlarni yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilishi nazorat qilinmoqda.
Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi ishchi guruh a’zolari xorijiy g‘o‘za navlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik ishlar natijadorligini va dala maydonlarida (oq jo‘xori, makkajo‘xori, supurgi) himoya zonalari tashkil qilingani borasida Past Darg‘om tumanida tanqidiy o‘rganish olib bordi.
Tumanning "Chandirobod" muqobil MTP hududidagi “Xudoyberdi bobo” (11,2 gektar), “Farhod Nurboy” (6 gektar), “Yuqori Chandir” (4,5 gektar), “Abror Gruzin” (6 gektar), “Bahrin sulolasi” fermer xo‘jaliklari (4 gektar) maydonlarida Xitoydan keltirilgan “Xinlu Zao-78” g‘o‘za navi parvarish qilinmoqda. Lekin ushbu dala maydonlarida oq jo‘xori, makkajo‘xori, supurgi ekilmagan, himoya zonalari tashkil qilinmagan. Ushbu 32 gektarli hududda agrotexnik tadbirlar o‘zboshimchalik bilan tashkil etilgan. Sug‘orishda yo‘l qo‘yilgan xatolar sababli ayni vaqtda dala ekinlarini qoniqarsiz holatdaligi ishchi guruh tomonidan tanqid qilindi.
Ishchi guruh "Chandirobod" muqobil MTP hududini to‘liq monitoring qilib, "Holat mutlaqo qoniqarsiz, ko‘chatlar sonida kamomad mavjud", degan xulosaga keldi. Fermerlarning tajribasizlik bilan olib borgan ishlari va berilayotgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmayotganligi keskin tanqid qilindi. G‘o‘za dalalaridan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, sug‘orish tizimini qayta ishlab chiqish, hududda himoya qo‘rg‘onlarini barpo etish bo‘yicha mutaxassislarga topshiriq berildi.
A.Norboyev.