Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari uchun o‘quv yig‘ini o‘tkazildi
Markaziy harbiy okrugda Samarqand viloyati umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari uchun o‘quv yig‘ini tashkil etildi.
Tadbirda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini o‘qitish uslublari to‘g‘risida podpolkovnik A.Parmanovning ma’ruzasi yig‘in ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ldi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samarali usul va metodlarini hayotga tatbiq etish, shubhasiz, bugunning asosiy talablaridan biri. Vatan himoyasida sobit turgan shonli ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, buyuk sarkarda Amir Temur haqidagi taqdimotlar, harbiy xizmatchilarning jang san’atiga oid ko‘rgazmali chiqishlari, Markaziy harbiy okrug qoshidagi orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Og‘ir harbiy texnikalar, o‘qotar qurollarning namoyishi hamda ularning tavsifi chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlashida alohida ahamiyat kasb etdi.
Yig‘inda faoliyati davomida natija ko‘rsatgan Qo‘shrabot tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiriqqacha harbiy xizmatga tayyorlash bo‘linmasi boshlig‘i D.Sattorov Markaziy harbiy okrugning tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.
Shokir ERGAShEV,
Qo‘shrabot tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi.