Chelakdagi kutubxonada qahva ichib, kitob o‘qiysiz

- Biz yashaydigan qishloq tuman markazi Payariq shaharchasiga yaqinroq, - deydi mehnat faxriysi Muhabbat Namozova. – O‘qituvchilikdan nafaqaga chiqqanman. O‘zim, farzandlarim va nevaralarim uchun kitob kerak bo‘lsa Payariqda joylashgan kutubxonaga boramiz. Yaqinda tumanimizning Chelak shaharchasida ham axborot kutubxona markazi ochildi.

Shu gap bahona bo‘lib, Chelak shaharchasiga bordik. Kutubxonada bo‘lganimizda markaz kitobxonlar bilan gavjum emas ekan. O‘ylanib qoldik: Payariqdagi kutubxonaga qatnovchilar birmuncha yaxshi. Nega zamonaviy ma’rifat markazida o‘quvchilar kam.

Yana bir gap Payariqdagi oshxonalarda xo‘randalar kamu, Chelak shaharchasidagi yemakxonalar odamlar bilan gavjum. Qizig‘i, ko‘p hollarda bu yerdagi kafe, restoranlarda payariqliklarni ham “nozik” mehmonlari bilan birga uchratishingiz mumkin. Payariqdagiga nisbatan Chelakdagi oshxonalarda sharoitlar zamonaviy, taomlar ham, xizmat ko‘rsatish ham sifatliroq bo‘lsa kerak-da.

Ha, qaniydi, odamlar kutubxonalarning ham zamonaviylarini tanlab, uzoq yo‘l bosib borib, kitob o‘qisa...

- Chelak shaharchasi markazida yaqinda foydalanishga topshirilgan zamonaviy ma’rifat maskani Xalq banki homiyligida bunyod etildi, - deydi axborot kutubxona markazi rahbari Shokir Boliyev. – Ikki qavatli binoning qurilishi uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Hozircha kutubxonamizga 2 mingdan ziyod badiiy adabiyotlar keltirildi. Yana 5 mingdan ziyod kitoblar berilishi rejalashtirilgan. Markazimizga kitobxonlarimizni kengroq jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. A’zolarimiz kitoblarni o‘qish uchun uyiga olib ketish bilan birga shu yerning o‘zida mutolaa qilishi uchun ham barcha qulayliklar mavjud. Shuningdek, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida kafe-barlar ham tashkil etilgan. Xuddi zamonaviy shaharlardagi “Book-kafe”larda o‘tirgandek qahva ichib, mutolaa qilish imkoniyatlari mavjud.

Mamlakatimizda kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish uchun berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, ushbu markazda pullik kompyuter xizmatlari ko‘rsatish, kitob savdosi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.