"Captiva-5" uchun pul mablag‘lari va kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi, ammo boshqa mashinalarni yetkazish yana kechikadi
"UzAuto Motors" AJ Chevrolet Captiva-5 avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha bekor qilingan shartnomalarning mablag‘larini qaytarishi va kompensatsiya to‘lanishini ma’lum qildi.
"Chevrolet Captiva 5 avtomobili bo‘yicha jami 461 ta shartnoma puli to‘langan. Ayni paytda 207 nafar xaridor Chevrolet Captiva 5 avtomobili o‘rniga boshqa avtomobilni olishga qaror qilishdi, 161 nafari esa to‘langan mablag‘ni qaytarilishi uchun ariza bilan murojaat qilgan va allaqachon pullarini qaytarib olishgan.
41 nafar mijoz kechagi kundan boshlab kompensatsiya sifatida taqdim etilgan 5 foizlik to‘lov summasini olishdi.
Qolgan xaridorlar ham o‘z mablag‘lari va kompensatsiyani yaqin ikki-uch kun ichida olishadi" deyilgan kompaniya bayonotida.
Bugun kompaniya yana bir xabarni e’lon qildi. Ya’ni, shartnoma bo‘yicha 2021 yil noyabr-dekabr oylarida avtomobil olishini kutayotgan mijozlarga avtomobillar yana 2 oy o‘tib yetkazib berilishini ma’lum qilgan.
Demak, noyabrda avtomobil olishni kutayotganlar kelasi yil yanvarda, dekabrda avtomobil olishni kutayotganlar 2022 yil fevralda maqsadlariga erishadilar.
Avvalroq kompaniya oktyabr va noyabr oylarida "Lasetti" va "Labo" avtomobillarini kutayotgan xaridorlarga yana 2 oy kutishlari lozimligini ma’lum qilgandi.