Chevrolet Tracker-2 avtomobilini seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda
"UzAuto Motors" AJ zavodida yangi Chevrolet Tracker-2 avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi boshlandi.
Test sinov tariqasida ishlab chiqarilgan Tracker avtomobillari "Non sleable", ya’ni "Sotuv uchun mo‘ljallanmagan". Bunday avtomobillarning ishlab chiqarilishi, yig‘uv jarayonidagi barcha zaruriy bosqichlarni sinab ko‘rish hamda qayta ishlash imkonini beradi.
Tracker avtomobili ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik jarayonida sinov uchun 16 dona avtomobil ishlab chiqariladi. Keyinchalik ushbu avtomobillar notekis yo‘lda harakatlanish va iqlim sharoitiga moslashuvchanligi tekshiruvdan o‘tkaziladi.
– Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlikning barcha bosqichlari reja asosida olib borilmoqda, kamchiliklar aniqlanmadi, – deydi loyiha rahbari Tolibjon Sarimsoqov.
"UzAuto Motors" AJ joriy yilning yozida Chevrolet Tracker-2 avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Avtomobil LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar, rangli 8 dyumli sensor displey Chevrolet MyLink, 6 dinamikli multimedia tizimi, ko‘pfunksiyali rul, konditsioner, panoramali lyuk va orqa oyna isitish tizimi, old va orqa oyna elektropodyomnik bilan jihozlangan.
Chevrolet Tracker-2 avtomobili 6 ta xavfsizlik yostiqchalari, orqa ko‘rinish kamerasi, shinalar bosimi monitoringi tizimi, barqarorlikni nazorat qilish tizimi (ESP), tormoz (ABS) tizimi, tepalikka ko‘tarilishga yordam tizimi (HSA), orqa parktroniklar va bolalar o‘rindig‘i kabi xavfsizlik texnologiyalariga ega.