Chilquduqlik muhtoj oilaning uyi ta’mirlanadimi? Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari e’tiboriga!
“Samarqand shahridagi Xishrav qo‘rg‘oni, Chilquduq mahallasida yashayman. 74 yoshdaman, sog‘ligim yaxshi emas. Uch nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Yashayotgan uyimiz ta’mirtalab – devorlar zax tortgan, tom, eshik-derazalarimiz foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Oilamiz bilan shu kuz-qish mavsumini ming azobda o‘tkazdik. Uy-joyimizni ta’mirlab berishlarini so‘rab, Xalq qabulxonasi hamda tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qildim. Natija bo‘lmayapti...”.
Normurod Yunusov tomonidan tahririyatimizga yo‘llangan ushbu murojaatni o‘rganib, qonun doirasida javob berishini so‘rab Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari R.Olimov nomiga xat jo‘natdik. Ammo 15 kundirki, shahar hokimligi mutasaddisidan murojaat yuzasidan biron bir munosabat yoki javob ololgan emasmiz.
Chilquduq mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilarining ta’kidlashicha, “Haqiqatda bu oila yordamga juda muhtoj. Shuning uchun ushbu oilani “Temir daftar”ga kiritganmiz. Baholi qudrat oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘ryapmiz. Ammo N.Yunusovning uy-joyini ta’mirlab berishga qurbimiz yetmayapti. Bu borada shahar hokimligining ko‘magi zarur”.