Samarqandda «mahallabay» ishlash nazoratga olingan
Viloyat Matbuot uyida Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «mahallabay» ishlash bo‘yicha yangi tizimni tashkil etish yuzasidan shahardagi mahallalarda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda Samarqand shahridagi 215 mahallada 117,6 ming xonadon bor. Qariyb 160 ming oila a’zolarining 51 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Ayni vaqtda shahardagi Alisher Navoiy nomli, Mustaqillik, Chilquduq, Xo‘jasoat, Geologlar, Chilstun kabi 15 ta mahallaning o‘z xizmat binosiga yo‘q bo‘lib, 11 tasining moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz ahvolda. Shuningdek, 21 ta mahalla xizmatchilari 1 ta xonada, 32 tasi esa 2 ta xonada faoliyat yuritib kelmoqda.
Joriy yilda 3 ta mahalla fuqarolar yig‘ini davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan bo‘lsa, Urguti va Bog‘i Temur mahalla fuqarolar yig‘ini markazlari hashar yo‘li bilan bitkazildi.
Shahardagi Siyobcha (600 million so‘m), Hofiz Sheroziy (100 million so‘m), Do‘stlik (120 million so‘m), Mehnat (15 million so‘m) kabi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarini rekonstruksiya va ta’mirlash maqsadida mahalliy byudjetdan 850 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 16 ta mahalla binosi davlat-xususiy sheriklik asosida, Shirin mahalla fuqarolar yig‘ini esa hashar yo‘li bilan qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
«Obod mahalla» dasturi asosida bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan Do‘stlik va Yangi hayot mahalla markazlarining binolari kapital ta’mirdan chiqarilib, mebel jihozlari va kompyuter vositalari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi markazdan uzoqroqda joylashgan Dukchiyon, Kamolot, Kamoliddin Behzod va Anhor mahalla fuqarolar yig‘inida mavjud bo‘lgan muammolar bartaraf etilib, hududlari obodonlashtirildi. O‘z binosiga ega bo‘lmagan Kamoliddin Behzod mahallasi yangi binoga ko‘chirilib, xodimlarning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zamonaviy zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Ma’rifat mahallasida hashar tashkil etilib, keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mahalla binosi kapital ta’mirlanib, zarur anjomlar bilan jihozlandi. Shahardagi yana 7 ta mahalla 132 million so‘mlik yumshoq mebel jihozlari, 3 ta mahalla esa zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi.
Joriy yilning iyul oyigacha barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raislarini planshetlar bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. 96 ta mahalla markazlariga esa mebel jamlanmalari olib berish rejalashtirilgan.
Dilmurod To‘xtayev.