Samarqand shahar hokimining farmoyishi bekor qilindi. Reklama bozorida raqobat muhiti tiklandi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2020 yil 29 fevralda Samarqand viloyati hokimining 31-K-son qarori qabul qilingan.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan shahar va tumanlardagi tashqi reklama ob’yektlari (konstruksiyalari)ning qaror talablariga muvofiqligini to‘liq xatlovdan o‘tkazdi.

O‘rganish davomida 133 ta tashqi reklama vositalari qaror talablariga moslashtirildi, 91 ta konstruksiyalar bo‘yicha hujjatlar sudga taqdim etildi, 247 tasi demontaj (olib tashlash) qilindi.

Xususan, Samarqand shahridagi “SAMLED” MChJ tomonidan Universitet xiyobonida 81 ta, xatlov yakunlangandan so‘ng esa tegishli xujjatlarsiz Beruniy ko‘chasida 90 ta, o‘lchami 1x2 bo‘lgan LED monitorlari o‘rnatilganligi aniqlanib, jamiyatga barcha tashqi reklama konstruksiyalarini qaror talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ogohlantirish xati berilgan.

Shu bilan birga, Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand shahar hokimining 2020 yil 18 iyundagi 99-F-son farmoyishining raqobat muhitiga ta’siri o‘rganildi. Mazkur farmoyish bilan Universitet xiyobonida 84 dona, Registon ko‘chasida 25 dona, Beruniy ko‘chasida 94 dona hamda Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi Umid ko‘chasida 10 dona, jami 213 dona 1x2 o‘lchamli LED monitorlari o‘rnatilishi belgilanganligi hamda LED monitorlarni o‘rnatish ishlari “SAMLED” MChJga yuklatilganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasi talablari buzilganligi sababli Samarqand shahar hokimligiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, hokimlikning 2020 yil 18 iyundagi 99-F-son farmoyishini bekor qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Natijada, Samarqand shahar hokimining 2020 yil 7 iyuldagi 120-F-son farmoyishi bilan yuqorida qayd etilgan farmoyish o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi va Samarqand shahrida tashqi reklama ob’yektlarini o‘rnatish bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlariga teng sharoit yaratildi.