Samarqand shahar hokimi bemorlar uchun tayyorlangan yotoqxonalar va tug‘ruq majmuasidagi shart-sharoitlarni o‘rgandi

Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Hokim mazkur yotoqxonalarda "COVID-19" kasalligiga chalingan bemorlar bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan fuqarolar joylashtirilishini hisobga olib, u yerdagi muammo va kamchiliklarni o‘rgandi. Karantinda saqlanadigan fuqarolarni o‘z uyidagidek, qulay sharoitda yashashlari uchun ayni paytdagi mavjud muammolarni tezda bartaraf etish maqsadida mutasaddilarga tushunchalar berdi. Binoni to‘liq ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi va boshqa turdagi sharoitlar bilan ta’minlash hamda bu borada hech qanday muammo bo‘lmasligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng hokim Samarqand shahridagi 1-tug‘ruqxonada koronavirus aniqlangan bemorlarning davolanishi uchun tashkil etilgan imkoniyatlarni ko‘rdi. Yaqinda keltirilgan sun’iy nafas yetkazib beruvchi apparatlarning tayyorlangan holati bilan tanishib, zaxirada bo‘lgan 61 turdagi dori vositalarini ko‘zdan kechirdi.

B.Obloqulov bemorlarni davolash hamda kasallikda gumon qilingan fuqarolar uchun 7 ta tibbiyot muassasasi, 2 ta mehmonxona va ta’lim dargohlarining yotoqxonalarida 5561 o‘rinli joy hozirlanganini ta’kidladi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.