Chinorni kesgan fuqaro 40 million so‘m jarimaga tortildi

Respublikada o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar, qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilinishiga, profilaktik tadbirlarning olib borilishiga qaramasdan, hududlarda daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlari davom etmoqda

Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, joriy yilning 7 yanvar kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri oldida kesilayotgan daraxtlar yuzasidan joylashtirilgan xabarga muvofiq boshqarma inspektorlari bayon etilgan hudud — Chilonzor tumani, Cho‘pon ota ko‘chasi «S» mavzesiga chiqib, holatni o‘rgangan.

O‘rganish natijasida ko‘rsatib o‘tilgan manzilda 1 dona chinor fuqaro F.X.Z. tomonidan tegishli ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuni (yangi tahriri) 37-moddasi qo‘pol ravishda buzilgan.

Huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan Ma’muriy jinoyat to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan 1 million 115 ming so‘m jarima solingan.

Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 38 million 891 ming so‘mni tashkil etgan. Yetkazilgan zararni undirish uchun inspektorlar tomonidan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, daraxt kesilishi bilan bog‘liq holatlarga guvoh bo‘lgan fuqarolar Qo‘mita ishonch telefoniga — (+998) 70 236-26-66; (+998) 71 207-11-07 yoxud Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatiga — (+998) 71 207-07-70 (ichki 5555#, 1034#, 1029#) qo‘ng‘iroq qilib, holatni ma’lum qilish so‘ralgan.