Hayot darsi: Chiroq
Bashorat buvining ko‘zi xiralashib qolganiga ancha bo‘ldi. Ammo buvi nolimaydi, umrini uzoq, nasibasini butun qilgan Yaratganga shukrona aytib besht vaqt namozni yoddan chiqarmaydi. Biroq rahmatlik cholidan qolgan bu oshyonning chirog‘ini yoqib o‘tirgan yolg‘iz farzandi Asqadjonning o‘g‘il farzandi yo‘qligi ko‘nglini xufton qiladi.
Xudoga shukur, bir-biridan lobar, odobli, shirin-shakar qiz nevaralari bor. Qiz bola birovning xasmi. Ikkitasi kelin bo‘lib o‘zga xonadonlarning sevikli bekasiga aylandi, yana birining hademay bo‘yi yetadi, kenjasi maktabga boryapti. Biroq o‘g‘ilning o‘rni boshqada.
Xudoning karami keng. Buvining o‘g‘il nevara so‘rab qilgan iltijolari to‘xtamaydi. Nasib etsa, kelini yana farzand ko‘radigan, shoyad bu gal orzusi ushalsa: “Ey, xudo, marhamatingni darig‘ tutmay, Asqadjonimga o‘g‘il ber, diydoriga to‘yib, to‘ylarini ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q!”. Bashorat buvi yuziga fotiha tortib, joynamozini yig‘ishtirdi.
Tong sahar Asqadjon to‘lg‘oq tutgan xotinini tug‘ruqxonaga olib ketgandi. “Iloyo, eson-omon qutulib olsin-da!”.
- Ena! Enajon, qayerdasiz? O‘g‘illi bo‘ldim, enajon, suyunchi bering, – tashqaridan Asqadjonning hayajonli ovozi eshitildi.
Bashorat buvi shosha-pisha peshvoz chiqib, o‘g‘lini bag‘riga bosdi:
- Voy, suyunchi sendan aylansin, bolam. Yaratganga shukur! – Sevinib ketgan buvi pensiyasidan ro‘moli uchiga tugib qo‘ygan pulni olib Asqadjonga uzatdi.
- Ena, bu nimasi, odamni xijolat qilmang! – Asqadjon onasini qo‘lini qaytardi.
- Uyalma, ol, bolam, ota-bobolardan qolgan udum. Nasib bo‘lsa, nevaramning aqiqasini o‘zim o‘tkazib beraman.
Bashorat buvining quvonchi yeru ko‘kka sig‘masdi shu tobda. Ko‘nglida yongan chiroq shu’lasidan xira ko‘zlari ravshanlashib ketdi.
Tog‘aymurod Shomurodov.