Chiroq o‘chsa ham odamiylik o‘chmasin!

Svetimiz o‘chib qoldi. Bir soat avval, shahar elektr tarmoqlariga qo‘ng‘iroq qildim. Telefonni ko‘targan dispetcherni bugungi bayrami - Energetiklar kuni bilan qutladim. Go‘shakning narigi tomonida bir necha soniyalik jimlik yuzaga keldi.
- Bugun bayramlaringiz shekilli, chin dildan tabriklayman, el xizmatida hormangizlar. Bayram kuni ham ishlab, charchamanglar, - dedim.
- Xayriyat-ey, bir iliq gap eshitarkanmiz, katta rahmat opa!
- Uzr, bayram bo‘lsayam aytishga majburmiz, falon ko‘chada yashayman, chirog‘imiz bir soatdan beri o‘chgan.
- Hozir opa, brigada yetib boradi, manzilingizni yozib oldim. Yana bir bor rahmat!
Ishonib ishonmay o‘tirgandim, yigirma daqiqa o‘tar-o‘tmas, lip etib chiroq yondi. Hayratlanib, yana o‘sha raqamga terib, minnatdorchilik bildirdim. Narigi tomondan ham hayrat sadolari eshitildi. «Bunaqasi hali bo‘lmagan!».
Xullas, bir soat chiroq o‘chgan payti ko‘p xotiralar yodimga tushdi. Elektr energiyasidagi bir soat nima emish, kun, haftalar davomidagi uzilishlar, korxonaning telefon raqamiga soatlab tersangiz ham tusholmasdik. Ba’zida chiroq yoqqich qayerda joylashganini unutib ham yuborganim, chiroq o‘chgani yetmaganday gaz bosimining ham miltillab turishi, sovqotib qolmaslik uchun sakrab-sakrab, qo‘llarimni kuhlab-kuhlab, oshxonada gaz ballonda ovqat qilganlarim yaqingina o‘tmish ekan, o‘ylab qarasam.
Xullas, chalg‘ib ketdim. Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli energetiklar! Hayotingiz nurli yangiliklarga boy bo‘lsin!
Gulruh MO‘MINOVA.