"Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur"

Bugun taniqli shoir Nodir Jonuzoq tavallud topgan kun. U 1976 yil 14 martda Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan.

Nodir Jonuzoqning “Sizni sevar edim”, “Mehribonim” she’riy to‘plamlari, “O‘n yetti lahza”, “Nilufar”, “Siniq oy” kabi bir qator dostonlari bor.

Ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritgan va raisning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2022 yilda O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.

Quyida shoirning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
***
O‘YIN
Bu qiz bilan har kuni
O‘ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.


Qo‘l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo‘ymas edim yakkalab.


Ishonmasdan, ko‘zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.


Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo – bekinmachoq.


Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O‘zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.


Ovoz berdim: «Bo‘ldi, chiq,
Qanisan?..» – tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig‘lar edi.


Kiray desam yoniga,
To‘siq bo‘ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.


Tashqaridan so‘z qotdim:
«Hammasi o‘yin edi,
Ko‘z yumdimu – yo‘qotdim,
Buyog‘i to‘ying endi…».


Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko‘rib uni,
Shu zahot bekinaman.


Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko‘rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi…
2002 yil.

ChIROYLISIZ…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
Tashlaysiz goh ko‘z qiringizni.
Talpinadi yurak qurmag‘ur,
Bilsam deydi dil siringizni.


Ammo sira buzmaysiz pinak,
Xotirjamsiz. Sokinsiz. Sipo.
Go‘yo yo‘q siz yetmagan tilak,
Go‘yo sizda dunyo baxti jo.


Holbuki har lahza betinim
Qalbingizda otilar vulqon.
Garchi qushday yursangiz-da jim,
Qoningizda uxlaydi to‘fon.


Beparvosiz. Vazmin. Osuda.
Oqqush kabi qilasiz pardoz.
Go‘yo beo‘y, beg‘amsiz juda,
Go‘yo issiq hislaringiz oz.


Adashdimmi yo ko‘ngil berib?
O‘ylayversam – yuragim og‘rir.
Poyingizga to‘kildim erib…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.