Cho‘ponlar nega ko‘zoynak taqmaydi?
Cho‘l, dasht sharoitini faqatgina o‘sha yerda yashagan insonlar biladi. Sizu biz bahor vaqtida borib, «ekzotika», deb biluvchi go‘zal tabiatning juda ko‘p injiqliklari bor. Tabiatning bu «ne’mat»i dashtda yashovchilarga qor-qirovli qishda ham, jazirama saratonda ham hamroh bo‘ladi.
Tasavvur qiling: atrof qum, yolg‘iz o‘tov, qo‘ni-qo‘shni yo‘q, dardkashingiz faqat qo‘y-qo‘zilar. Qishda cho‘ponning qo‘rasiga bo‘ri «mehmon» bo‘lsa, yozda chayon va soya izlagan o‘q ilonlar o‘zini o‘tovga uradi. Lekin bu sharoitda cho‘ponlar uchun ko‘nikma bor. Hayot shu. Taqdir ham.
Ana shunday taqdir egasi Aydarko‘l sohillari bilan tutashgan hududda yashaydigan Jumabek Davlatov.
Mehmon ekanligimizni bilib, cho‘pon akamiz shoshilganicha boshpanasiga kirib ketdi. Shu ondayoq sokin otarda o‘choqqa o‘t qalash, yana nimalardir boshlanib ketdi.
— Bir piyola choy ichib ketmasak, cho‘pon xafa bo‘ladi, bu — udum, - deydi hamrohlarim.
Shu asnoda bir piyola choy ustida cho‘pon bilan suhbatimiz boshlandi.
— Biz, cho‘ponlar osmonga qaragan xalqmiz, - deydi Jumabek aka. - Bu yil aynan biz kutgan ob-havo bo‘ldi. Injiq tabiatning qor va yomg‘iridan doim umidvormiz.
Cho‘pon tayog‘i
Bir qarashda oddiygina ko‘ringan cho‘pon tayog‘ida ko‘p ramziy ma’no bor ekan. O‘sha tayoq juda qadrlanar ekan.
— Otamdan 26 yoshimda shu tayoqni qabul qilganimdan so‘ng cho‘pon, degan haqiqiy mavqega erishganman, — deydi qahramonimiz. — Bu tayoqni otamning otasi unga bergan, u menga, men esa farzandlarimga beraman. Bu tayoq ajdodlarimizdan qolgan meros. Biz uchun juda qadrli, doimiy hamroh, turli xavflardan asraguvchi vosita. U doim otamni eslatib turadi. Hatto, bir bor hayotimni asrab qolgan. Bir kuni ochiq cho‘lda ikkita bo‘riga duch kelib qoldim, atrofda hech kim yo‘q, yordam chaqirish befoyda. Bo‘rilar esa hujumga shaylanyapti, shunda shu tayoqni olib havoda silkidimda, xuddi miltiq ushlaganday ularga o‘qtaldim, bo‘rilar darrov qochib qoldi...
Aytishlaricha, dunyodagi eng o‘tkir ko‘z sohiblari — cho‘ponlar bo‘lar ekan. Bunga sabab faqat olislarga qadalgan nigohlar emas, balki cho‘ponlarning har oqshom gulxan atrofidagi o‘tirishi ekan. Bu gulxan asosan cho‘l yantog‘idan hosil bo‘ladi va u ko‘zning zararli zahrini olarkan.
Cho‘ponlarning aksariyati sog‘lom bo‘lib, ular kuniga 30 kilometrgacha masofani piyoda bosib o‘tadi. Yana bir qiziq ma’lumot: cho‘ponlar deyarli dorixonaga murojaat qilmaydi. Ehtimol bunda cho‘ldagi tabiiy giyohlar, ko‘ldan tutilgan baliqlar, barra qo‘y go‘shti, tuya, echki sut-qatig‘ining o‘rni bo‘lsa ajab emas.
Yana bir e’tiborimni tortgani — cho‘ponlarning qalin kiyimi bo‘ldi. Bu qalin kiyim ularni qishda qahratondan, yozda esa issiqdan saqlar ekan. Qanday deysizmi? Jaziramada uni kiyib bir terlagan odam salqingina yuradi.
Cho‘ponning baxti
Cho‘ponlarning qo‘nalg‘asidan olislay turib, katta shaharlarda internet yarim soatga ishlamasa, TV-kabeli o‘chib qolsa, taksi kechiksa yuzaga keladigan betoqatliklar haqida o‘yladim. «Inson shularsiz ham yashasa bo‘larkanu», degan fikr xayolimdan o‘tdi.
Maqola tayyorlash davomida cho‘ponlarning ayollari bilan ham suhbatlashdik. Ularning yuzida cheksiz sabot, hayot sinovlari izlarini va shu bilan birga, mag‘rurlik, o‘ziga yarasha baxtiyorlik, cheksiz toqat, kamtarinlik, bardosh namoyon. Ular hecham go‘zallik saloniga bormaydi, yasama kiprik, tirnoqlar ulamaydi, ko‘ngli to‘sab «butik» rastalarini aylanmaydi. U qo‘y boqadi, non yopadi, kir yuvadi, ovqat pishiradi, mehmon kutadi. Hech qachon hech kimga hech nimadan nolimaydi. Ularda o‘zbek ayolining sadoqatini, oilasiga bo‘lgan cheksiz mehrini, boriga qanoatini va sabotini ko‘rish mumkin.
Anglaganib, cho‘pon bo‘lish uchun qo‘yning tuyog‘idan qattiq bo‘lish kerak ekan.
Shuhrat NORMURODOV,
Navoiy viloyati.