Chorvachilikka ixtimoslashgan tumanlarda 5 tadan mahallada aholiga naslli chorva mollari beriladi

Bu haqda soha mas’ullariga xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmishinchi sessiyasida topshiriq berilgan. Kengash qarori bilan 2022 yil yakuniga qadar chorvachilik tarmoqlarida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlash belgilangan.

Unga ko‘ra, joriy yil yakunigacha viloyat hokimi o‘rinbosari F.Abilov va sohaga aloqador idoralar mas’ullari chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarda 5 tadan mahallada aholi xonadonlariga 2 boshdan naslli qoramol hamda 10 boshdan qo‘y va echki tarqatib, ular yetishtirgan sutva go‘shtni kooperatsiya asosida sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan.

Yil yakunigacha viloyatdagi 7 ta paxtachilik, pillachilik klasterlarining har birida 500-1000 bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Tuman hokimliklari bilan tomorqa xizmati korxonalari tomonidan aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva mollarini xavfli kasalliklardan himoya qilish uchun emlash tadbirlari o‘tkazish va boshqa veterinariya xizmatlari ko‘rsatish tashkil etiladi.

Aholi xonadonlarida qoramol, qo‘y, echki parranda va boshqa chorva mollarini ko‘paytirish, ozuqa-yem ta’minotini yaxshilash va veterinariya xizmatlari bo‘yicha mahallabay ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yib, aholi va fermer xo‘jaliklari boshliqlari uchun chorvachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.