Chorvachilikning rivoji naslchilikda

Samarqandda Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning malakali mutaxassislari va olimlaridan iborat guruhi tomonidan Navoiy, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari chorvachilik xo‘jaliklari rahbarlari va veterinariya boshqarmalari xodimlari uchun bir haftalik o‘quv-seminar mashg‘ulotlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va TIKA o‘rtasida hamkorlik aloqalari bir necha yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.  Bularning eng asosiysi naslchilik va urug‘chilik seleksiyasidir.

“Sun’iy urug‘lantirish va naslchilik ishining huquqiy normalari  bo‘yicha instruktorlar treningi dasturi” mavzusidagi o‘quv mashg‘ulotlari  Samarqand veterinariya meditsinasi institutida tashkil etildi.

Seminar ishida institutning taniqli olimlari, professor o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishmoqda.

Mashg‘ulotlarda ekspertlar tomonidan sun’iy urug‘lantirish borasida Turkiyada qo‘lga kiritilgan samarali natijalar, bilim va tajribalar va bu ishda TIKA mutasaddilarining ishtiroki xususida ma’lumotlar berilmoqda.

Taniqli veterinar-vrach, Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon  xo‘jaligi vazirligi chorvachilik bosh boshqarmasi sun’iy urug‘lantirish va o‘quv ishlari bo‘limi boshlig‘i Ali Ixsan Akinning so‘zlariga ko‘ra, TIKA  bu borada dunyoning 150 dan ortiq davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. 62 ta davlatda tashkilotning vakolatxonalari ishlab turibdi. Dunyodagi vaziyat, rivojlanish muntazam o‘rganilib, tahlil qilib boriladi, tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Masalaning dolzarbligi shundaki, bugun dunyo ahli oldida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek, global muammo kun tartibidagi dolzarb masalaga aylanib ulgurdi.

- Chorvani oziqlantirish orqali unda turli kasalliklarning oldini olish mumkin, - dedi Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi naslchilik va seleksiya bo‘limi boshlig‘i Hakan Ulgey. - Faqat oziqlantirish ratsionini to‘g‘ri tashkil etish kerak. Ko‘p kuzatiladigan holat, ba’zida yirik shoxli qoramollarni ikki baravar ko‘p - 12 kilogramm emas, 24 kilogramm ozuqa bilan boqishadi. Lekin mahsuldorlik past, kasalliklarga chidamsiz. Buning oddiy sababi ozuqada. Oziqlantirishga ko‘p narsa bog‘liq.

Turkiyada naslni yaxshilash maqsadida chorvaning shajarasini identifikatsiya qildik (chorva reyestri, ro‘yxatga olish, hujjatlashtirish). Bu ish seleksiya rivojlanishiga omil bo‘ldi. Xo‘jaliklarda avval yirik shoxli qoramollar, so‘ng qo‘y-echki kabi mayda tuyoqli mollarning ro‘yxatini shakllantirdik. Muntazam kuzatdik, tadqiqotlar olib bordik va samaradorlikka, mahsuldorlikka erishdik.

Seminarda professorlar Mehmet Bozkurt Ataman hamda Ali Kurti ishtirokchilar bilan sohaga oid izlanish va tajribalarini o‘rtoqlashdi.

Mashg‘ulotlar bir hafta davom etadi.

Gulchehra BERDIYoROVA.