"Choshtepa" namunali muassasa (mi?)
QVPning 28 nafar xodimi 9 qishloqda istiqomat qiluvchi 7 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
– Tibbiyot muassasalarini maqbullashtirishdan so‘ng hududimizga yaqin joylashgan "Zarafshon" QVP bilan qo‘shilgach, ma’suliyatimiz yanada oshdi, – deydi D.Turdiyeva. – Aholi soni ko‘payib, yosh kadrlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Yaqinda Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirgan Sh.Rahmonov jamoamizga kelib qo‘shildi. Shuningdek, stomatolog va ginekologiya xonalari tashkil etildi. Yosh mutaxassislar tajribali shifokorlarimizdan kasb sir-asrorlarini o‘rganmoqda.
Biroq... Joriy yilda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida QVPga 10 tonna ko‘mir berilgan. Ikkita zamonaviy pech o‘rnatilgan bo‘lsa-da, ayrim xonalar yaxshi isitilmaydi. Hatto ikki o‘rinli kunduzgi statsionarning sovuqligidan bu yerda bemorlarning yotib davolanishiga ishonish qiyin. Xonalarining ayrimlariga zamonaviy deraza va eshiklar o‘rnatilmagan. QVP hududi devor yoki panjara bilan o‘rab olinmaganidan bo‘lsa kerak, ko‘mir binoning ichida saqlanmoqda.
QVP navbatchilarining bemorlarni qayd qilish daftarini varaqlar ekanmiz, hayratimiz yanada oshdi. Chunki 10 kun davomida birorta bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam haqida ma’lumotlar kiritilmagan. Bu QVPga birorta bemor murojaat qilmaganligini ko‘rsatadimi yoki navbatchilar loqaydligini?
Tuman tibbiyot birlashmasining QVPlar bo‘yicha koordinatori S. O‘tamurodov hamkorligida "Choshtepa" QVPning norasmiy filiali hisoblangan Qo‘shtepa qishlog‘idagi sobiq "Zarafshon" QVP binosiga bordik. Bu yerda 6 ta qishloqda istiqomat qilayotgan 4,5 ming aholining bolalarini emlash, homiladorlarning tibbiy ko‘rigini tashkil etish maqsadida ikki nafar shifokor va 7 nafar patronaj hamshira mehnat qiladi. Kirib borganimizda ish vaqti hali tugamagan, ammo binoda qorvuldan boshqa hech kim yo‘q edi. "Kasal ko‘rishga ketgan" umumiy amaliyot shifokori S.Sharipovani telefon qilib, uyidan chaqirtirib oldik. Ikkinchi shifokor U.Himmatovani esa ko‘rmadik.
1986 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan bino avariya holatda bo‘lib, xonalar qo‘lbola pechlarda isitilyapti. Xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. Bino devorlari ichkaridan yorilib ketgan. Shkaf, stol va o‘rindiqlar yaroqsiz, tibbiy jihozlar eskirgan. Binoda nafaqat bemorlarni qabul qilish, balki tibbiyot xodimlarining ishlashlari uchun ham sharoit yo‘q. Bemor qabul qilish, uyiga borib ko‘rish, muolaja o‘tkazish hujjatlarini yozishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bemorlarning kasallik jildlari nomigagina to‘ldirilgan.
Ish bor joyda kamchilik uchraydi, albatta. Ammo asosiy maqsad ana shu xato-kamchiliklarni bartaraf etib, aholining tibbiy xizmatdan rozi bo‘lishini, kasalliklarning oldini olishda samarali faoliyat olib borishini ta’minlashdan iboratligini shifokorlarimiz unutmasa bas.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
«Zarafshon» muxbiri.