“Cobalt” yuk mashinasiga urilib yondi, ikki kishi halok bo‘ldi

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabariga ko‘ra, 14 noyabr kuni Jizzax viloyatida taxminan soat 03:50 da 25 yoshli M.T. “Cobalt” rusumli avtomashinasida “Toshkent-Termiz” M-39 avtomobil yo‘lining 956-kilometrida 34 yoshli A.N. boshqaruvidagi “MAN TGX L200746001” rusumli yuk mashinasiga urilib ketgan.
To‘qnashuv oqibatida “Cobalt” rusumli avtomashina yongan. Avtomobil salonida bo‘lgan 32 yoshli fuqaro Ye.S. voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, hodisadan 3 yoshli bola A.A. ham jabrlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, A.A. Sardoba tumani tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan. Avtomobil haydovchisi M.T. turli tan jarohatlari bilan Paxtakor tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O‘zR JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.